15 mart kungi koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan karantin cheklovlarining ayrimlari yumshatilmoqda, deb xabar berdi Turizm va madaniyat meros vazirligi.

Unga ko‘ra, 2022 yilning 16 martdan emlanganlik sertifikati yoki pasportiga ega chet el fuqarolaridan O‘zbekistonga kirishda PZR-test natijasi talab etilmaydi.

Sertifikat yoki pasporti bo‘lmaganda kamida 72 soat oldin topshirilgan kovidga manfiy PZR-test talab etiladi. Har ikkilasi ham bo‘lmagan taqdirda esa chegara o‘tish punktlarida manfiy natijali ekspress-test ma’lumotnomaga (elektron QR code) ega bo‘lishi shart qilib belgilandi.

Qolaversa, O‘zbekistonning Qozog‘iston va Tojikiston bilan chegarasida joylashgan o‘tkazish punktlari orqali ikki mamlakat fuqarolarining harakatlanishiga doir vaqtincha cheklovlar bekor qilindi. Barcha o‘tkazish punktlari faoliyati qayta tiklanmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, ikki mamlakat fuqarolari uchun piyoda chegaralarni kesib o‘tishi bo‘yicha o‘zaro taqiqlar mavjud edi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonga kirish uchun xorijiy fuqarolarga elektron vizani (E-VISA) rasmiylashtirish va berish tizimi faoliyati qayta tiklanadi.

Avvalroq, 1 martdan O‘zbekistonda niqob taqish majburiyati bekor qilingani haqida yozgandik.