Rossiyaning «AvtoVAZ» avtomobil ishlab chiqaruvchisi 16 martdan Lada avtomobillari narxlarini bir oy ichida ikkinchi marta yangiladi. 1 mart kuni yangilangan narxlarga kelsak, oltita asosiy modellar narxlari o‘rtacha 8 foizga oshgan, deb yozadi TASS.

1 mart kuni «AvtoVAZ» Lada narxini o‘rtacha 15,4 foizga oshirgandi. Narxlar 24 fevralda boshlangan Rossiya harbiylarining Ukrainadagi operatsiyasi fonida ko‘tarildi, shu sababli xorijiy konsernlar Rossiyaga avtomobil yetkazib berishdan bosh torta boshladi. Ta’minot bilan bog‘liq muammolar va butlovchi qismlarning yetishmasligi tufayli «AvtoVAZ» o‘z xodimlarining bir qismiga aprel oyida 20 kunlik ta’til beradi.

Mart oyi boshida «Gazeta.uz» O‘zbekistonda Lada avtomobillari narxi oshgani haqida xabar bergan edi. O‘sha paytda avtomobillar narxi, kompaniya qayd etganidek, 2−5 mln so‘mga qimmatlashgan.

Kompaniya rasmiy saytidagi amaldagi narxlar ro‘yxatiga ko‘ra, 16 mart kuni narxlar yana ko‘tarilgan. Hozirda boshlang‘ich narxlar quyidagicha ko‘rinish oldi:

  • Vesta — 170,9 mln so‘mdan boshlanadi (+6,2 foiz yoki 10 mln so‘mga oshgan);
  • Xray Cross — 178,9 mln so‘mdan (+4% yoki 7 mln so‘m);
  • Largus — 172,9 mln so‘mdan (+6,1% yoki 10 mln so‘m);
  • Niva Legend — 162,9 mln so‘mdan (+6,5 foiz yoki 10 mln so‘m);
  • Niva Travel — 214,9 mln so‘mdan (+4,8 foiz yoki 10 mln so‘m).

2021 yil sentabr oyida ADM Jizzakh’da Lada avtomobillarini cyeriali yig‘ish yo‘lga qo‘yildi. SKD usulida ishlab chiqarilgan birinchi modellar Lada Vesta SW va Lada Xray edi. Roodell kompaniyasi Lada avtomobillarining O‘zbekistondagi rasmiy importchisi hisoblanadi. 2020 yilda kompaniyaning dilerlik tarmog‘i orqali 5000 dan ortiq Lada avtomobillari sotilgan.