14 mart kuni Qozog‘iston Parlamenti Majlisining yalpi majlisida Qozog‘iston bosh prokurori Berik Asilov mamlakatda yanvar oyida bo‘lib o‘tgan tartibsizliklar tafsiloti haqida ma’lumot berdi. Bu haqda Tengrinews.kz nashri xabar berdi.

Bosh prokuror so‘zi avvalida kuzatuv kameralar va tartibsizliklar guvohlari tomonidan suratga olingan lavhalar asosida tayyorlangan yanvar voqealariga bag‘ishlangan videoni namoyish etildi.

Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi davlat xiyonat qilish, hokimiyatni egallashga urinish va juda katta miqdorda pora olish bo‘yicha 15 ta jinoyat ishi yuzasidan tergov olib bormoqda.

Bosh prokuror o‘z nutqi davomida Qozog‘iston MXQning sobiq raisi Karim Masimovga nisbatan ochilgan jinoyat ishi yanvar voqealari bilan bog‘liqligini ma’lum qildi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, [mitinglar vaqtida] MXQ departamentlari rahbarlari va politsiya qurol-yaroqlar bilan birga binolarni qoldirib ketganligi bo‘yicha ham dalillar bor. Berik Asilov shuningdek, qo‘lga olinganlar orasida Qozog‘istonning sobiq mudofaa vazirining ham borligini qayd etdi.

Qozog‘iston bosh prokurori Berik Asilov. Foto: Videodan lavha.

«Hurmatli deputatlar, o‘sha [yanvar] voqealar oqibatida mamlakatda 230 kishi halok bo‘ldi, ular orasida 19 nafar harbiy va xavfsizlik xodimlari bor. Ularning eng ko‘pi Olmaota shahrida — 139 kishi vafot etdi. Bugungi kunda [Olmaotadagi] ma’muriyat binolariga bosqinchilik hamda qonun va tartibni o‘rnatish jarayonida 56 nafar hujumchi yo‘q qilindi. 53 nafar shaxsning vafotiga nima sabab bo‘lgani o‘rganilmoqda, ular shahar hududida turli jarohatlar, shu jumladan, 48 nafari o‘qotar quroldan, 2 nafari pichoqdan, 3 nafari boshqa jarohat va kuyish jarohatlari bilan topilgan» — deya ta’kidladi Qozog‘iston bosh prokurori.

Boshqa 7 ta tumanda hokimiyatlar, politsiya va MXQ departamentlari binolarini qo‘riqlash jarayonida huquq-tartibot organlari tomonidan 63 nafar hujumchi yo‘q qilingan. «Bugungi kunda biz 20 nafar fuqaro tasodifiy otishmalar ostida qolganini aniq bilamiz. Ularning 11 nafari Olmaota shahrida, 8 nafari Olmaota viloyatida va yana bir nafari Taras shahrida aniqlangan», — dedi Berik Asilov.

U, shuningdek, tartibsizliklar tashkilotchilarining pirovard maqsadi hokimiyatni zo‘rlik bilan egallab olish bo‘lganini ta’kidladi. Qolaversa, kuch ishlatar tuzilmalar oxirigacha quroldan foydalanmagani aytildi.

Bosh prokuror yanvar voqealarida Qozog‘istonning hududiy yaxlitligiga xavf soluvchi holatlar yuzaga kelgan.

Ta’kidlanishicha, gumondorlarning asosiy qismini 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslar, ishsiz va oliy ma’lumotga ega bo‘lmaganlar tashkil qilgan.

Berik Asilovning so‘zlariga ko‘ra, ularning orasida buzg‘unchi diniy oqimlarning 19 nafar tarafdori, taqiqlangan ekstremistik tashkilotlarning 27 nafar faoli, uyushgan jinoiy guruhlarning 24 a’zosi hamda qotillik, o‘g‘rilik, talonchilik va qaroqchilik bilan sudlangan 113 nafar shaxs bor.

Bosh prokuror «Dikiy Arman» va uning guruhida bo‘lgan 14 nafar shaxsni misol tariqasida keltirib, shunday dedi: «Bu kabi insonlarning yo‘qotadigan narsasi bo‘lmagan, ular do‘konlarni talon-toroj qilishdi, qaroqchilik bilan shug‘ullanishdi, ma’muriyat binolariga hujum qilishdi».

Umumiy hisobda sodir etilgan jinoyatlarga aloqadorlikda gumonlanib 22 mingdan ortiq kishi tekshiruvdan o‘tkazilgan.