«Qamchiq» dovonida vaqtincha yopilgani munosabati bilan yo‘lda qolib ketgan yo‘lovchilarga maxsus reys orqali poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Yo‘lovchi poyezdlar Toshkent viloyatining Ohangaron, Angren va Orzu vokzalidan yo‘lovchilarni manzillariga yetkazib qo‘yadi. FVV «Qamchiq» dovonida ob-havo barqaror bo‘lmaguniga qadar dovon orqali vaqtinchalik harakatlanmaslikni tavsiya qildi.


Foto: FVV.

Avvalroq, FVV qor ko‘chish xavfi yuzaga kelganligi sababli 12 mart soat 9:00 dan boshlab «Qamchiq» dovoni transport harakati uchun vaqtincha yopilganini ma’lum qilgandi. Bunga dovonda joylashgan ikki tunnel o‘rtasidagi avtomobil yo‘lining ostki tuproq qismi o‘pirilib ketgani sabab bo‘ldi. FVV holat yuzasidan Angren shahridagi «Angrenlend» kafesida maxsus shtab tuzdi.