12 mart, shanba kuni soat 9:00 da avtomobillar harakati uchun yopilgan «Qamchiq» dovoni soat 18:00 dan boshlab qayta ochildi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar berdi.

Kun davomida FVV tegishli xizmatlar bilan hamkorlikda olib borilgan amaliy harakatlarni muvofiqlashtirib borgan va buning natijasida «Toshkent-Vodiy» avtomobil yo‘lidagi dovonda transport harakati qayta tiklangan.

Avvalroq, dovonda joylashgan ikki tunnel o‘rtasidagi avtomobil yo‘lining ostki tuproq qismi o‘pirilib ketgani haqida yozgandik. FVV holat yuzasidan Angren shahridagi «Angrenlend» kafesida maxsus shtab tuzdi. Yo‘lovchilar esa dovonga yaqin hududdagi ovqatlanish shoxobchalariga joylashtirildi.

Shuningdek, «Toshkent-Vodiy» avtomobil yo‘lining 6 ta joyida tosh-tuproq massasi o‘pirilishi sodir bo‘lib, yo‘l chetdagi handaqqa (kyuvetga) tushgani aytilgandi. Bundan tashqari, nomustahkam tosh massalari avtomobil yo‘lining 251,7 km hamda 260 km oraliqlaridagi yo‘lga tushishi mumkin bo‘lgan xududlar aniqlangandi.

Qolaversa, «Qamchiq» dovoni yo‘lida qolib ketgan fuqarolarni manziliga yetkazib qo‘yish uchun Ohangaron, Angren va Orzu vokzallaridan yo‘lovchi poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yildi.