5 mart kuni Visa va Mastercard to‘lov tizimlari Rossiyada o‘z faoliyatini to‘xtatishini bildirdi. 10 mart kuni esa 200 dan ortiq davlat va 130 dan ortiq valyutalarni birlashtirib turuvchi Western Union kompaniyasi ham Rossiya va Belarusda o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatishini ma’lum qildi.

Bunday vaziyatda Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari uyga pul yuborish yoki uydan pul jo‘natmasini olishda qaysi tizimlardan foydalanishi mumkin? «Gazeta.uz» ushbu masala yuzasidan bir nechta banklar bilan bog‘lanib, ulardan izoh so‘radi.

«Sanoat qurilish bank»

«Sanoat qurilish bank» matbuot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, Rosiyada istiqomat qilayotgan o‘zbekistonliklar Moneygram, Unistream, Contact, «Zolotaya korona», Ria va Asia Express to‘lov tizimlari orqali O‘zbekistonga bemalol pul o‘tkazishlari mumkin. Rossiya va O‘zbekiston banklari o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari bo‘yicha hech qanday cheklovlar yo‘q, deya ta’kidladi bank vakili.

«Ipoteka bank»

Bank matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Rossiyadan O‘zbekistondagi «Ipoteka bank» kartalariga Paycent, «Sber onlayn» va «Zolotaya korona» ilovalari, shuningdek Rossiyada joylashgan banklar orqali pul o‘tkazmalarini amalga oshirish mumkin.

«Xalq banki»

«Xalq banki» mutaxassisining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, hozirgi vaqtda Rossiyadan pulni o‘tkazish uchun eng asosiy ilova bu «Sber onlayn».

«Bu ilova orqali bizni kartaga yoki boshqa biror kartaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul o‘tkazish mumkin. Eng mashhur servis shu, 90−95% pul o‘tkazuvchilar shundan foydalanishadi. Bundan tashqari, «Zolotaya korona» bor, u orqali pul o‘tkazish uchun migrantlar «Zolotaya korona»ni ofisiga borib, pul o‘tkazmalarini amalga oshirishadi», — dedi mutaxassis.

«Hamkorbank»

«Hamkorbank» matbuot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, ayni vaqtda Rossiyadan bankning kartalariga «Sber onlayn» ilovasi va «Zolotaya korona» orqali muammosiz pul o‘tkazsa bo‘ladi.

«Agrobank»

«Agrobank» mobil ilovasi orqali nafaqat Rossiyadan O‘zbekistonga, balki O‘zbekistondan Rossiyaga ham pul yuborish mumkin. Ushbu ma’lumotni bankning yagona axborot markazi xodimi «Gazeta.uz»ga tasdiqladi.

«Kapitalbank»

«Kapitalbank» rasmiy saytida joylashtirilgan ma’lumotga ko‘ra, «Asia Ekspress» ilovasi orqali bankning istalgan ofisida Rossiyadan pul o‘tkazmalarini qabul qilish va yuborish mumkin.

Avvalroq, O‘zbekiston Markaziy banki banklarning valyuta xavf-xatarlarini minimallashtirish maqsadida Rossiya rublini sotish va sotib olish kurslarini joriy xalqaro kotirovkalarga asosan kun davomida o‘zgartirib borish yuzasidan tavsiyalar bergan edi. Qayd etilishicha, bu Rossiyadagi O‘zbekiston fuqarolariga pul mablag‘larini Rossiya rublida yuborish va mamlakat hududida ushbu mablag‘larni ихтиёрий valyutada qabul qilib olish imkonini beradi.