Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov agentlikning 2021 yildagi faoliyati bo‘yicha jamoatchilik oldida hisobot berdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Agentlik rahbari xorij tajribasida ham korrupsiyaning eng katta dushmani ochiqlik ekani haqida gapirib, hokimliklarning budjetdan orttirilgan mablag‘larini ochiqlashi kerakligi borasida gapirdi.

«Ochiqlamayaptimi, demak, korrupsiyaviy omil bor, qayerdadir ko‘proq oyligini yashiryapti yoki jamg‘armadan maqsadsiz sarflayotganini ko‘rish mumkin. Oddiy misol, prezidentning qarori bilan mahalliy hokimliklar budjetdan orttirilgan mablag‘larni qayerga yo‘naltirishini e’lon qilishi belgilandi. Shundan keyin, avtomobil sotib olish, hokimiyatni ta’mirlash va boshqa-boshqalar keskin kamaydi. Endi ularga yo‘naltiriladigan sarf-xarajat ijtimoiy-infratuzilmaga yo‘naltirilayotganini ko‘rishimiz mumkin», — deya Burxonovning so‘zlarini keltiradi Bugun.uz nashri.

«Chunki hozir ochiqlik bo‘lyapti. [Hokimiyat] ozgina «remont»ga sarflasa yoki avtomashina sotib olsa, ijtimoiy tarmoqlarda jurnalistlar tomonidan keskin e’tiroz bildirilayotgani uchun ular ham ertaga ko‘radi deb, ko‘proq ijtimoiy yo‘nalisha yo‘naltirtirishyapti. O‘ylaymanki, biz agar ochiqlashga javobgarlik belgilaydigan bo‘lsak (hozir majburiy, lekin javobgarlik yo‘q), yanada ko‘proq o‘zining samarasini beradi», — deya ta’kidladi Akmal Burxonov.

Antikorrupsiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda respublika bo‘yicha jami 5483 nafar shaxsga nisbatan 3769 ta korrupsiyaga oid jinoyat ishlari ko‘rib chiqish uchun tegishli tartibda sudlarga yuborilgan. 2020 yil bilan taqqoslaganda sudga yuborilgan jinoyat ishlari soni 2621 taga, javobgarlikka tortilgan shaxslar soni esa 3 760 taga ko‘paygan.

Korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 2020 yilda 500 mlrd 102 mln so‘mlik moddiy zarar yetkazilib, 355 mlrd so‘m yoki 71,0 foiz undirilgan. 2021 yildagi moddiy zarar miqdori esa 1 trln 282 mlrd so‘mni tashkil etib, 887 mlrd so‘mi yoki 69,1 foizi undirilgan.

Agentlik mahalliy davlat hokimliklari tomonidan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarni rasmiy veb-sayt va boshqa axborot resurslarida joylashtirib borilishiga oid majburiyatlarga rioya qilinishini o‘rganib, tahlil qilgan.

Ana shunday o‘rganishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Buxoro, Jizzax va Navoiy viloyat hokimliklari tomonidan mahalliy budjet mablag‘larining rejadan orttirib bajarilgan qismi va mazkur mablag‘lar yo‘naltirilgan maqsadlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan holda qisman ochiqlanishi ta’minlangan bo‘lsa, Toshkent, Xorazm, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari mazkur majburiyatlarni umuman bajarmagan, deyiladi agentlik xabarida.

Ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarning belgilangan tartibda ochiqlanishini ta’minlamagan 13 ta viloyat hokimliklari qonunbuzilishi holatlarini bartaraf qilish haqida rasman ogohlantirilgan.