AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiyaga dollar banknotalarini eksport, reeksport, sotish yoki yetkazib berishni taqiqlovchi farmonni imzoladi. Hujjat Oq uy saytida e’lon qilindi.

«AQSh dollar banknotalarini AQShdan Rossiya Federatsiyasi hukumati yoki Rossiya Federatsiyasi hududida bo‘lgan har qanday shaxsga, qolaversa, banknotalar joylashgan yeridan qat’iy nazar AQShning yuridik va jismoniy shaxslari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita eksport, reeksport, sotish yoki yetkazib berish taqiqlanadi», — deyiladi farmonda.

Bundan tashqari, AQSh Rossiyadan ikra, dengiz mahsulotlari, aroq va boshqa spirtli ichimliklar, qolaversa, brilliant va olmoslarni import qilishga taqiq qo‘ydi, deya ta’kidladi Jo Bayden. Oq uyning xabarida qayd etilishicha, Rossiyani 1 mlrd dollardan ortiq eksport daromadidan mahrum qiladi va «AQSh fuqarolari Putin urishini moliyalashtirmasligini» kafolatlaydi.

G7 davlatlari shuningdek, Rossiyaga Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki va boshqa xalqaro moliya institutlaridan mablag‘ olishni taqiqlashga erishishi kutilmoqda, deyiladi «katta yettilik» mamlakatlarining qo‘shma bayonotida. Ular Rossiya bilan eng maqbul savdo muhiti maqomini bekor qilish va Rossiyaning JST a’zoligidan mahrum qilish niyatida.

Oq uy shuningdek, sanksiya ostida bo‘lgan Rossiya banklari rahbarlari va RF Davlat dumasi a’zolariga qarshi to‘liq cheklovchi sanksiyalar qo‘llashini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, Jo Bayden Rossiyaga hashamatli tovarlarni, jumladan, ko‘pincha «rus elitasi sotib oladigan» avtomobillar, kiyim-kechaklar va zargarlik buyumlari va boshqa tovarlarni eksport qilishni taqiqlashga oid farmonni ham imzoladi.

«Bugungi kunda cheklovlar qo‘yilgan hashamatli tovarlarni AQShdan eksport qilish qiymati yiliga qariyb 550 mln dollarni tashkil etadi. Putinning harbiy mashinasini qo‘llab-quvvatlaydigan elita endi ushbu tizimning afzalliklaridan foydalanmasligi va rus xalqining resurslarini isrof qilmasligi kerak», — deyiladi bayonotda.

Avvalroq, Yevropa Ittifoqi yevro banknotalarini Rossiyaga sotish, yetkazib berish, eksport qilish va jo‘natib yuborishni taqiqlagandi. Istisnolar faqat banknotalar shaxsiy foydalanish uchun mo‘ljallangan holatda yoki ularning egalari diplomatik immunitetga ega shaxslarga qo‘llaniladi.