2021 yilning oktabr oyida ayrim tovarlar importi hamda realizatsiyasi prezident qaroriga muvofiq QQSdan ozod qilindi. Qarorda dastlab soliq imtiyozining amal qilish muddati 10 oktabrdan 31 dekabrgacha deb belgilangan edi, fevral oyida esa Senat mazkur tartibni joriy yilning 30 apreligacha qadar uzaytirish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi.

Demak, qarorning kuchga kirganiga to‘rt oy bo‘ldi. Xo‘sh, mazkur qaror ichki bozordagi vaziyatga qanday ta’sir ko‘rsatdi?

Go‘sht mahsulotlari

Go‘sht mahsulotlari realizatsiyasi hamda importining 15% lik soliqdan ozod qilinishi oxirgi to‘rt oyda bozorda go‘sht narxining bir maromda pasayib borishiga olib keldi. Imtiyozli davr boshlangandan buyon go‘sht narxi umumiy hisobda qariyb 1% ga (aniqroq aytganda — 0,8%) arzonlashganligini ko‘rish mumkin. Bir qarashda bu juda ham kichik raqam. Ya’ni berilgan imtiyozlarning hajmi nuqtai nazaridan olib qaralganda, go‘sht narxida unchalik katta o‘zgarish kuzatilmagan. Umuman olganda, 15% lik imtiyozning berilishi ortidan bozordagi narxning xuddi shuncha miqdorga pasayishini kutish bir nechta sabablarga ko‘ra xato.

Birinchidan, go‘sht mahsulotlarining taklifi qisqa muddatli davrda nisbatan o‘zgarmas (noelastik), ya’ni go‘sht yetishtirish jarayoni — tirik hayvonning tug‘ilishidan to tayyor go‘sht holida bozorga kirib borgunicha bo‘lgan jarayon ma’lum vaqt talab qiladi. Shu nuqtai nazardan, soliq imtiyozlari qisqa muddatda ishlab chiqarish hajmida deyarli aks etmaydi. Bu esa talab hajmi deyarli o‘zgarmagan holatda narxning, albatta, oldingi narxga (eski muvozanat nuqtaga) intilishiga sabab bo‘ladi. Ikkinchidan, berilgan soliq imtiyozlari iqtisodiy subyektlarning kutilmalariga katta ta’sir o‘tkazmaydi, ya’ni qisqa muddatga berilgan soliq imtiyozi kelajakdagi kutilmalarni deyarli o‘zgartirmagan va aynan shu jihat ham narxning pasayishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Qolaversa, ishlab chiqaruvchilarga 15% lik imtiyoz taqdim etilishi ortidan ichki bozordagi narx, aytaylik, bor-yo‘g‘i 1% ga pasayar ekan, u holda bu imtiyozdan, katta ehtimol bilan, iste’molchilarga nisbatan ishlab chiqaruvchilar ko‘proq manfaat ko‘radilar.

Umuman olganda, go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarish va import qilishning vaqtincha soliqdan ozod qilinishi qisqa muddatda ichki bozorga asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri import qilinayotgan tayyor go‘sht mahsulotlari narxining pasayishi orqali ta’sir qilishi mumkin. Ya’ni qisqa muddatli imtiyoz aynan shu davrda ichki bozorda sezilarli o‘zgarishlarga sabab bo‘lmaydi (tirik hayvonlarning QQSsiz olib kirilishi esa nisbatan kechroq ta’sir ko‘rsatadi, hech bo‘lmaganda narxning kutilganidan pastroq o‘sishi shaklida).

Import qilinayotgan tayyor go‘sht mahsulotlari ichki bozorda narxning shakllanishiga o‘z ta’sirini o‘tkazishi mumkin, ammo shunisi e’tiborliki, 2021 yilning to‘qqiz oyi mobaynida import qilingan go‘sht mahsulotlari mamlakatimizdagi jami iste’molning atigi 1% ini tashkil etgan xolos. Ya’ni import qilinayotgan go‘shtning ichki bozorga amalda 15% arzonroq kirib kelishi narxga deyarli ta’sir qilmaydi (taxminan 0,15% ga o‘zgartirishi mumkin).

Biroq berilgan imtiyozlar go‘sht importi hajmining oshishiga olib kelishi ehtimoli mavjud. Masalan, 2022 yilning yanvar oyida umumiy qiymati 9,3 mln dollarga teng bo‘lgan yirik shoxli qoramol go‘shti import qilingan va o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 55% ga oshgan. Ya’ni import qilinayotgan go‘sht mahsulotlarining narxida o‘zgarish bo‘lmagan deb faraz qilinsa, unda ko‘rishimiz mumkinki, go‘sht importi hajmida sezilarli o‘sish bo‘lgan. Tabiiyki, ichki iste’molda go‘sht mahsulotlarining ulushi ham oshgan.

Import qilinayotgan go‘sht mahsulotlari hajmining keskin oshishi ichki ishlab chiqaruvchilarning go‘sht ishlab chiqarish jarayoniga katta ta’sir o‘tkazmaydi (chunki ulushi juda kichik). Albatta, tirik hayvonlarning olib kirilishi ortidan mahalliy go‘sht yetishtiruvchilar zarar ko‘rishi mumkin, lekin tirik hayvonlar importining tayyor go‘sht importidan asosiy farqi shundaki, tirik hayvonlar import qilingan zahoti tayyor go‘sht shaklida bozorga kirib bormaydi. Ya’ni tirik hayvonlarning bozorga kirib borishi nisbatan uzoqroq muddatni talab qiladi hamda uning ichki bozorga ta’siri imtiyozli davr tugagandan keyin ham bir necha oy davomida saqlanib qolishi mumkin. Demak, tirik hayvonlar importining ichki bozorga ta’siri keskin bo‘lmasa-da, uzoq muddat davomida saqlanib qoladi.

Go‘sht mahsulotlari narxining oxirgi to‘rt oydagi dinamikasi bilan bog‘liq yana bir e’tiborga molik jihat shundan iboratki, imtiyozli davr amal qilishni boshlagandan to bugungi kungacha go‘sht mahsulotlari narxining pasayishi tezlashib borgan. Masalan, noyabr oyida narxlar 0,3% ga o‘sgan bo‘lsa, dekabr oyida noyabrdagiga nisbatan 0,2% ga arzonlashgan, yanvar oyida esa narx pasayishi 0,4% ni tashkil etgan hamda fevral oyiga kelib narxning pasayish sur’ati 0,5% gacha yetgan. Bu tendensiyadan xulosa qilish mumkinki, imtiyozli davr o‘z nihoyasiga yetgunicha go‘sht mahsulotlari narxining pasayishi yanada tezlashishi mumkin.


Manba: Davlat Statistika qo‘mitasi.

Yana bir muhim jihati shundaki, go‘sht mahsulotlari importi va realizatsiyasi QQSdan ozod qilinguncha bo‘lgan davrda narx o‘sishi birmuncha yuqori darajada bo‘lgan. Masalan, iyul-oktabr oylari davomida yuqori sur’atda narx o‘sishi kuzatilib, narxlar har oyda 1% dan yuqoriroq darajada o‘sib borgan va ba’zi oylarda oylik o‘sish sur’ati hatto 2% dan ham oshgan. Birgina iyul-oktabr oylarining o‘zida (to‘rt oy mobaynida) go‘sht mahsulotlarining narxi 7,7% ga oshgan. Keyingi to‘rt oy, ya’ni imtiyozli davrda narxlarning hatto pasayganligiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Shu nuqtai nazardan, go‘sht mahsulotlari importi hamda realizatsiyasining QQSdan ozod qilinishi ichki bozorga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan, deb hisoblashimiz mumkin. Imtiyozlar ko‘lami bilan taqqoslasa, narx pasayishi sur’ati u qadar yuqori bo‘lmagan bo‘lishi mumkin, lekin imtiyoz berilishidan oldingi narx o‘sishini inobatga olsak, berilgan soliq imtiyozlari narx o‘sishining sekinlashishida juda muhim rol o‘ynagan va hatto narxning pasayishiga ham olib kelgan.

E’tiborlisi shundaki, imtiyozli davrda go‘sht narxining arzonlashishida ichki bozordagi o‘zgarishlar emas, balki import hajmining ko‘payishi eng asosiy rolni o‘ynagan. Shu jihatdan bu davrni soliq imtiyozlarining narxga ijobiy ta’siri deb emas, balki savdo erkinlashtirilishining ichki bozorga ijobiy ta’siri, deb atash to‘g‘riroq bo‘lsa kerak.

Kartoshka

Go‘sht mahsulotlari bilan bir qatorda kartoshka importi va realizatsiyasi ham QQSdan ozod qilingan edi. Xo‘sh, bu qaror kartoshka narxida qanday o‘zgarishlarga olib keldi?


Grafik: Davlat Statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida muallif tomonidan ishlangan.

Yuqoridagi grafikda may-fevral oylarida kartoshka narxining o‘zgarishi dinamikasi tasvirlangan. QQSdan ozod qilish bo‘yicha qaror noyabr oyidan kuchga kirganligini hisobga olsak (qarorda mazkur tartib 10 oktabrdan amal qilishi belgilab qo‘yilgan edi, lekin qarorning o‘zi 26 oktabrda qabul qilingan, shu nuqtai nazardan, qarorning ta’siri noyabr oyidan boshlab sezilgan, deb qarash maqsadga muvofiq), grafikdan ko‘rinib turibdiki, imtiyoz amal qilishni boshlagan davrida kartoshka narxining o‘sishi sezilarli darajada sekinlashgan hamda fevral oyiga kelib hatto biroz arzonlashgan.

2021 yilda kartoshka narxi oldingi yillar bilan taqqoslaganda sezilarli darajada tez o‘sayotgan edi. Masalan, sentabr oyida kartoshka narxi avgustdagiga nisbatan 7,8% ga qimmatlagan. 2020 yil sentabr oyida esa kartoshka narxi oldingi oyga nisbatan o‘zgarmagan edi. Grafikdan ham ko‘rish mumkinki, 2021 yilning avgust-noyabr oylaridagi narx o‘sishi sur’ati 2020 yilning mos davri bilan taqqoslaganda sezilarli darajada yuqori bo‘lgan. Lekin 2021 yil dekabr va 2022 yil yanvar-fevral oylarida narx o‘zgarishi avvalgi yillarning mos davriga nisbatan pastroq bo‘lgan.

Bir so‘z bilan aytganda, noyabr oyidan amal qilishni boshlagan imtiyozlar kartoshkaning bozordagi narxi o‘zgarishiga sezilarli darajada ta’sir o‘tkazgan. 2021 yilning yig‘im-terim mavsumi tugashi va undan keyingi oylarda kartoshkaning narxi oldingi yil bilan taqqoslaganda yuqori sur’atda o‘sayotgan edi. oktabr oyida joriy qilingan imtiyozli davrdan keyin esa narx o‘sishi nisbatan sekinlashgan.

Guvohi bo‘lganimizdek, kartoshka narxida, go‘sht mahsulotlaridan farqli o‘laroq, pasayish kuzatilmagan bo‘lsa-da (fevralni hisobga olmaganda), narx o‘sishining keskin sekinlashuvi hamda hatto 2020 yilgi darajadan ham pastroq shakllanishini qarorning ijobiy natija berganligini ko‘rsatadi.

Ta’kidlash joizki, kartoshka narxi o‘sishining sekinlashuviga eng asosiy ta’sir ko‘rsatgan omil import hajmining ortishi hisoblanadi. Xuddi go‘sht mahsulotlari bilan bo‘lgani kabi, kartoshka importi ham soliqdan ozod qilinganligi import hajmining oshishiga olib kelgan. Masalan, 2022 yil yanvar oyining o‘zida umumiy qiymati 7,8 mln dollarga teng kartoshka import qilingan, bu 2021 yilning mos davri bilan taqqoslaganda 2,2 barobar ko‘p.

Noyabr-dekabr oylarida ham importning ortishi ichki bozordagi narxning o‘zgarishida muhim ahamiyat kasb etgani shubhasiz. Chunki oktabr oyida qabul qilingan qaror ichki ishlab chiqarish darajasiga o‘sha vaqtda ta’sir o‘tkazmagan, ichki bozorga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan asosiy omil esa aynan import hajmining o‘zgarishidir. Ya’ni import qilishning arzonroq bo‘lib qolishi importyorlar uchun ichki bozorga ko‘proq kartoshka olib kirishga rag‘bat yaratadi. Bu esa import hajmining oshishiga olib keladi. Import hajmining ortishi esa ichki bozordagi narx o‘sishiga salbiy bosim berishi turgan gap.

Yuqorida aytib o‘tilganidek, ba’zi tovarlar importi va realizatsiyasining qisqa muddat QQSdan ozod qilinishi ichki bozordagi narxga asosan import hajminining sezilarli darajada ortishi hisobiga ta’sir qilgan. Ya’ni qisqa muddatga berilgan imtiyozlar ichki ishlab chiqarishga katta ta’sir o‘tkazmagan. Import hajmi esa qaror kuchga kirgan kundan oshishni boshlagan va ichki bozordagi narxga o‘z ta’sirini o‘tkazgan. Qaysidir ma’noda, qaror qabul qilingan davrdan hozirgi kungacha bo‘lgan davrni savdo erkinlashishining ichki bozordagi narxga ta’siri deb atash mumkin. Go‘sht yoki kartoshka importining xarajatlarining nisbatan arzonlashishi ichki bozordagi narxga ta’sir ko‘rsatganligi o‘tgan yilda kuzatilgan yagona holat emas.

Masalan, sitrus mevalar importiga bo‘lgan to‘siqlarning olib tashlanishi ichki bozorda ularning narxi sezilarli darajada pasayishiga olib keldi. Birgina banan misolida qaralsa, o‘ylaymanki, bozorlarda banan narxining sezilarli darajada pasayganligini o‘quvchilar ham sezgan.

Go‘sht, kartoshka, yoki sitrus mevalardan tashqari import to‘siqlari yuqori darajada bo‘lgan minglab tovarlar bor. Aynan yuqoridagi misollarda importning qisqa muddat bo‘lsa-da erkinlashtirilishi ichki bozorda qanday ijobiy natijalarga olib kelganligidan xulosa chiqargan holda, qolgan minglab tovarlar uchun import bojlari yoki umuman boshqa import to‘siqlarini yengillashtirish yoki umuman olib tashlash iste’molchilar uchun qanchalik darajada naf keltirishini tasavvur qilib ko‘ring. Ya’ni importning erkinlashtirilishidan iste’molchilar faqat va faqat yutadi. Guvohi bo‘lganimizdek, bu fikr yuqoridagi misollarda ham o‘z tasdig‘ini topdi.

Agar kimningdir yodidan ko‘tarilgan bo‘lsa, yana bir bor eslatib o‘taman: ichki bozorda kartoshka yoki go‘sht mahsulotlari narxining arzonlashishiga yoki narx o‘sishining sekinlashishiga asosiy sabab — bu import qilish xarajatlarining arzonlashganligi. Nima uchun boshqa tovarlar importini erkinlashtirib, iste’molchilarni boyroq qilish mumkin emas? Albatta mumkin. Buni amalga oshirish uchun kuchli iroda bo‘lishining o‘zi kifoya.

Mirkomil Xolboyev — iqtisodchi, Janubiy Koreyadagi Jeonbuk milliy universiteti Xalqaro savdo yo‘nalishi magistranti.