Yangi turar joylarning yarimerto‘lalaridan yashash xonadoni sifatida foydalanishga ruxsat berildi. Bu haqda 9 mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekiston qurilish vaziri o‘rinbosari Nasrulla Boboyev ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p qavatli turar joylarning yerto‘la qismini foydali maydonga aylantirish yuzasidan respublikada amalda bo‘lgan shaharsozlik faoliyati sohasidagi normativ hujjatlar manfaatdor vazirlik va idoralarning takliflarini inobatga olgan holda qayta ko‘rib chiqildi.

Jumladan, bosh loyiha institutlari tomonidan 5,7,9,12 va 16 qavatli turar joy binolarining yarimerto‘la qismida yashash xonadonlarini joylashtirish bo‘yicha namunaviy loyihalari ishlab chiqildi. Unga muvofiq, barcha turdagi uy-joylar loyihalarida zamonaviy energiya tejamkor qurilish materiallaridan keng miqyosda foydalanish nazarda tutilgan.

Qurilish vaziri Botir Zokirov o‘zining 18 fevraldagi qarori bilan SHNQ 2.08.01−19ga o‘zgartishlar kiritdi. Adliya vazirligining 26 fevraldagi xulosasiga ko‘ra, qaror hisobga olingan, dedi Nasrulla Boboyev.

2.11. bandiga quyidagi o‘zgartishlar kiritildi:

 — Yashash xonalarini yerto‘la qavatlarda joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

— Yangi kurilayotgan turar joy binolarining yarimertula (sokol) qavatlarida quyidagi shartlar bajarilgan hollarda yashash xonalarini joylashtirishga yo‘l qo‘yiladi:

  • yerosti suvlari yer sathidan 3 m va undan pastda bo‘lgan hududlarda;
  • yarimertula qavatining kamida 1/3 qismi yer sathidan yuqorida loyihalashtirilganda;
  • yarimertula qavati xonalarining poldan shiftgacha bo‘lgan balandligi 2,4 m dan kam bo‘lmaganda;
  • yarimertuladan o‘tuvchi gorizontal muhandislik tizimlar (tarmoqlar) yashash xonalarini inobatga olgan holda joylashtirilganda;
  • xonalarning tashqi devorlari va pollarida issiqlik himoyasi ta’minlanganda;
  • 0331−16-son SanQvaN talablari bajarilganda;
  • yashash xonalaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashqariga chiquvchi derazalar o‘rnatilganda;
  • tabiiy yorug‘lik va insolyatsiya darajasining 22 fevraldan 22 oktabrgacha bo‘lgan davrda 2 soatdan kam bo‘lmagan darajasi ta’minlanganda;
  • havoning yaxshi aylanishi (mexanik ventilyatsiyasi) ta’minlanganda;
  • yarimerto‘la qavatidagi oshxona va sanitariya xonalari kanalizatsiya tizimi binoning umumiy kanalizatsiya tizimi sathidan yuqori bo‘lganda hamda qaytaruvchi klapan bilan jihozlanganda;
  • taom tayyorlash uchun elektr plitalardan foydalanilganda;
  • tabiiy va suyultirilgan gazlarda, yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarda hamda portlab yonish xavfiga ega bo‘lgan boshqa moddalar va materiallarda ishlovchi qurilmalar ko‘zda tutilmaganda.

Hujjatda yarimerto‘la qavatlarga yashash xonadonlari joylashtirish uchun evakuatsiya bo‘yicha talablar ham ko‘zda tutilgan.

oktabrda hukumat ko‘p qavatli uylarning yerto‘lalarini biznes uchun ajratish qoidalarini tasdiqlagan edi. Yerto‘lalarda do‘konlar, kioskalar, sartaroshxonalar, kafelar va boshqa maqsadlarda foydalanish mumkin. Ular faqat uydagi kvartiralarning egalarining roziligi bilan ajratiladi.