Ukraina atrofidagi vaziyat va davom etayotgan Rossiya harbiy amaliyoti fonida Brent neftining narxi 2012 yildan beri ilk bor bir barreli uchun 130,62 dollarga ko‘tarildi. Bir kun avval Brent neftining narxi 2008 yil 16 iyuldan beri ilk marta qisqa muddatda 139,13 dollarga yetdi, WTI nefti esa 2008 yil 22 sentabrdan beri ilk bor 130 dollargacha ko‘tarildi. Narxlar asta-sekin 2008 yil 11 iyulda erishilgan rekord darajaga yaqinlashmoqda.

AQSh va bir qator mamlakatlar Rossiya energotashuvchilari importiga taqiq qo‘ydi.

AQSh

AQSh prezidenti Jo Bayden Vashington Rossiyadan energoresurslar importini taqiqlaganini ma’lum qildi, deya xabar berdi RIA Novosti. Amerika davlati rahbarining so‘zlariga ko‘ra, mazkur qarorni AQShning barcha partiyalari vakillari qo‘llab-quvvatlashmoqda.

Oq uy rahbari Qo‘shma Shtatlar Yevropadagi ittifoqchilarining bu kabi taqiqlarga qo‘shila olmasliklarini tushunishini ta’kidlab o‘tdi.

Rossiyadan neft, gaz va ko‘mir importini taqiqlash bilan birgalikda, AQSh RF yoqilg‘i-energetika majmualariga yangi investitsiyalar kiritishni ham rasman taqiqlaydi, deya ma’lum qildi RIA Novosti Oq uy matbuot xizmatiga tayanib.

Qo‘shimcha qilinishicha, amerikaliklar Rossiyada energiya ishlab chiqaruvchi korxonalarga mablag‘ kirituvchi xorijiy kompaniyalarni ham moliyalashtira olmaydilar.

Jo Bayden, EPA-EFE arxiv fotosi.

AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiyaga qarshi sanksiyalar sababli mamlakatda benzin narxi o‘sishi mumkinligidan ham ogohlantirdi. Baydenning so‘zlariga ko‘ra, RF Ukrainada harbiy operatsiyani amalga oshirishni boshlaganidan buyon bir gallon benzin narxi (3,78541 litr — tahr.) 75 sentga qimmatlashgan.

«Hozirgi harakatlar bilan u yanada qimmatlashadi. Biroq men bu yerda, uyda Putinning xatti-harakatlari sababli narxlar oshishini minimallashtirish uchun menga bog‘liq bo‘lgan barcha narsani qilaman», — dedi Jo Bayden.

Avvalroq, seshanba kuni AQShda benzin narxi tarixiy eng yuqori ko‘rsatkich — bir galloni uchun 4,17 dollargacha oshgani xabar qilingan edi.

AQSh Energitika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili Rossiyadan kuniga 670 ming barrel neft va neft mahsulotlarini import qilgan. AQSh ushbu hajmdagi neftni boshqa davlatlar hisobidan qoplashi kerak.

Shu maqsadda AQSh Rossiya energotashuvchilari o‘rnini qoplash uchun, jumladan, BAA va Saudiya Arabistoni bilan muzokaralar o‘tkazishga urinmoqda. Wall Street Journal nashrining yozishicha, Oq uyning AQSh prezidenti Jo Bayden bilan BAA va Saudiya Arabistoni rahbarlari bilan telefon orqali muloqotini tashkil etishga urinishlari «muvaffaqiyatsiz» yakunlangan.

«Saudiya Arabistonining merosxo‘r shahzodasi Muhammad bin Salmon va BAA shayxi Muhammad bin Zaydning har ikkisi Bayden bilan suhbatlashishni rad etgan», — deyiladi xabarda.

O‘z navbatida, AQSh Rossiya energotashuvchilari importiga qo‘ygan taqiqi uranga taalluqli emas, deya xabar qildi Reuters o‘z manbalariga tayangan holda.

«AQSh energetika sanoati Rossiya va uning ittifoqchilari — Qozog‘iston va O‘zbekistonga bog‘liq bo‘lib, Amerika atom elektr stansiyalarida foydalanilayotgan uranning taxminan yarmini ulardan oladi», — deyiladi xabarda.

Buyuk Britaniya

Shuningdek, Buyuk Britaniya 2022 yil oxiriga kelib Rossiya nefti va neft mahsulotlari importini tugatishini ma’lum qildi. Bu haqda mamlakatning biznes, energetika va sanoat vaziri Kvasi Kvarteng ma’lum qildi.

Foto: RIA Novosti.

«Buyuk Britaniya 2022 yil oxiriga borib Rossiya nefti va neft mahsulotlari importini to‘xtatadi. Ushbu muddat bozor, korxonalar va yetkazib berish zanjirlariga Buyuk Britaniyada talabning 8 foizini tashkil etadigan Rossiya importining o‘rnini bosish uchun keragidan ko‘proq», — deb yozdi u Twitter`da.

Uning ma’lum qilishicha, Rossiyadan tashqari, mamlakatga AQSh, Niderlandiya va Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan neft yetkazib beriladi va rus neft mahsulotlari o‘rnini qoplash uchun ular bilan ish olib boriladi.

OPEK

Neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti — OPEK bosh kotibi Muhammad Barkindo neft bozoridagi hozirgi keskinlik talabning qisman pasayishiga olib kelishi mumkinligini, biroq alyans vaziyat «har soatda o‘zgarib turgani» uchun qandaydir qaror qabul qila olmasligini ma’lum qildi, deya xabar qildi RIA Novosti.

«Bozordagi hozirgi keskinlik talabning qisman pasayishiga olib kelishi mumkin. Biroq vaziyat har soatda o‘zgarib turgani uchun va ayni paytda hech narsani bilmasligimiz sababli hech qanday qaror qabul qila olmaymiz», — dedi Barkindo yillik CERAWeek energetika anjumanida.

Shuningdek, u dunyo yetakchilariga neft yetkazib berish masalasini siyosiylashtirishni to‘xtatishni so‘rab yuzlandi.

«Biz (OPEK) siyosiy tashkilot hisoblanmaymiz va imkon qadar siyosatdan uzoq turishga harakat qilamiz. Biz neft yetkazib berishni depolitizatsiya qilish ustida ishlashda davom etamiz… O‘rtamizda kelishmovchiliklar bo‘lishi mumkin, biroq, iltimos, OPEK kotibiyatiga kelganingizda yoki virtual uchrashganingizda ularni bir chetga surib qo‘ying», — dedi Barkindo.

Shell va British Petroleum

Buyuk Britaniyaning British Petroleum va Britaniya-Niderlandiyaning Shell neft-gaz korporatsiyalari Rossiyadan neft va gaz sotib olish bo‘yicha shartnomalarini bekor qilishini bildirdi.

Jumladan, Shell ilk qadam sifatida barcha spot neft xaridlarini to‘xtatishini ma’lum qildi.

«Shell bugun Rossiyadagi barcha ugrevodorod — jumladan, neft, neft mahsulotlari, gaz va siqilgan tabiiy gaz — loyihalaridagi ishtirokidan bosqichma-bosqich, hukumatning yangi ko‘rsatmalariga muvofiq tarzda voz kechish rejalarini e’lon qildi», — deyiladi press-relizda.

Shell 28 fevral kuni «Gazprom» va «Gazprom neft» bilan qo‘shma korxonalar, jumladan, «Saxalin-2», «Yenisey» va «Salыm Petroleum» loyihalari hamda «Shimoliy oqim-2» gaz quvuridagi ishtirokini to‘xtatganini ma’lum qilgan edi.

British Petroleum ham Rossiyadan neft va gaz sotib olish bo‘yicha shartnomalarni to‘xtatishini bildirdi, deya xabar qildi Bloomberg kompaniya xodimlariga tayangan holda.

«Iste’molchilarga energotashuvchilarni yetkazib berish xavfsizligiga tahdid vujudga kelgandagi vaziyat yagona istisno bo‘lishi mumkin», — deya iqtibos keltiradi RIA Novosti nashr suhbatdoshidan.