Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Muxtor Muhitdinov egallab turgan lavozimidan ozod qilindi. Bu haqdagi qarorga Jahongir Ortiqxo‘jayev 3 mart kuni imzo chekkan.

«Gazeta.uz»ga Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatining xabar berishicha, u mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari sifatida faoliyatini davom ettiradi.

Muhitdinov Muxtor Yashnarovich 2020 yilning noyabrida Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari — shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi.

U 1973 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1996 yilda Toshkent davlat texnika universitetini, 2004 yilda O‘zbekiston Respublikasi strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy maktabini tamomlagan.

Muxtor Muhitdinov poytaxt hokimi o‘rinbosarligiga qadar Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.

Eslatib o‘tamiz, mart oyi boshida prezident farmoniga asosan Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tuzilishi munosabati bilan Mahalla vazirligi nomi o‘zgartirilib, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi sifatida qayta tashkil etilgandi. O‘shanda Tursinxan Xudaybergenov mahalla vaziri lavozimiga tayinlandi.