Menglibekov Baxtiyar Bekmurzayevich Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining davlat xizmati va hokimiyat vakillik organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Qahramon Quronboyev ma’lum qildi.

Tashkiliy masala dushanba kuni Xalq deputatlari Mo‘ynoq tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ko‘rib chiqildi.

Tayinlovga qadar Baxtiyar Menglibekov Mo‘ynoq tumani «Madeli» ovul fuqarolar yig‘inidagi tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi lavozimida faoliyat yuritgan.

Nomzod Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Milliy kadrlar zaxiraga olingan edi.

«Faoliyatini samarali olib borayotgan mahalladagi hokim yordamchilari va Yoshlar yetakchilarini Milliy kadrlar zaxirasiga kiritish davom etmoqda», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 23 fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga tashrifini Mo‘ynoqdan boshlagan, tuman faollari bilan uchrashgan edi.