BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi zudlik bilan Rossiya tomonidan Ukrainada boshlangan harbiy harakatlar munosabati bilan inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni tekshirish uchun mustaqil xalqaro komissiya tuzishga qaror qildi. Bu haqda Deutsche Welle nashri xabar berdi.

Ushbu qarorni 32 davlat qo‘llab-quvvatladi, 13 davlat betaraf va faqat ikkita davlat, Rossiya va Eritreya qarshi ovoz berdi. O‘zbekiston, Armaniston, Qozog‘iston, Hindiston, Pokiston kabi davlatlar betaraf bo‘lgan.


Shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha kengash «Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkorligi natijasida inson huquqlarining buzilishi va suiste’mol qilinishi, shu bilan birga, xalqaro insonparvarlik huquqining buzilishini keskin tarzda» qoraladi.

Kiyev tomonidan taqdim etilgan rezolyutsiya matnida «Rossiya qo‘shinlari va Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan qurolli guruhlarni Ukrainaning barcha hududlaridan zudlik bilan va tekshirilishi mumkin bo‘lgan holda olib chiqib ketish» talab qilindi. «Adolatli ish uchun ovoz bergan barchaga minnatdorchilik bildiraman», dedi Ukraina delegatsiyasi rahbari ovoz berish natijalaridan keyin.

Ushbu ovoz berish mustaqil xalqaro tergov komissiyasini tuzishga zamin yaratadi. Qarorda «aybdorlarning javobgarlikka tortilishini ta’minlash maqsadida» «har qanday huquqbuzarlik va huquqlarni suiiste’mol qilish fakti, holatlari va sabablarini aniqlash» hamda dalillar to‘plash uchun uch nafar tergovchini tayinlash talab qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMT Bosh Assambleyasi «Ukrainaga qarshi tajovuz» rezolyutsiyasini qabul qilib, Rossiyadan o‘z qo‘shinlarini Ukraina hududidan zudlik bilan olib chiqib ketishni talab qilgandi. Uni 141 davlat yoqlab, 5 davlat qarshi, 35 davlat betaraf ovoz bergandi.