Ayni vaqtda bo‘lib o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev mas’ullar oldiga ayollarni ijtimoiy himoya qilishni tubdan kuchaytirish va bu boradagi yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqish vazifasini qo‘ydi.

O‘zbekistondada har yili o‘rtacha 700 ming chaqaloq dunyoga kelmoqda. Farzandli bo‘lgan ayollar kamida 4 oyga ishdan ajralishi, dekretga chiqishi kerak.

«Ochiq aytish kerak, ayni paytda budjet tashkilotlari homiladorlik nafaqasini to‘liq to‘lab bersada, xususiy sektorda bu xarajat tufayli ayollarni rasmiy ishga olishdan qochish holatlari ham, afsuski bor», — dedi prezident.

Shu bois, 2022 yil 1 sentabrdan xususiy sektorda rasmiy ishlayotgan ayollarga homiladorlik nafaqasini davlat tomonidan kafolatli to‘lab beradigan tizim yaratiladi.

Endi, ularga ham 4 oyga 2 mln so‘m miqdorida bir martalik homiladorlik nafaqasi to‘lab beriladi.

Bu maqsadlar uchun, budjetdan 2022 yilda 200 milliard so‘m, 2023 yilda esa 1,7 trillion so‘m yo‘naltiriladi.