Ukraina va Rossiya delegatsiyalari dushanba kuni Belarus hududida muzokaralarning birinchi raundini o‘tkazdilar. Uchrashuv olti soat davom etdi. Kiyev va Moskva vakillari Belarus-Ukraina chegarasi hududiga yaqin Gomel viloyati Pripyat qirg‘og‘ida uchrashdilar.

Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak muzokaralarning asosiy mavzusi Ukraina hududida o‘t ochishni hamda jangovar harakatlarni to‘xtatish bo‘lganini ma’lum qildi.

«Tomonlar qator ustuvor mavzularni aniqlab oldilar, ular bo‘yicha muayyan qarorlar belgilandi. Ushbu qarorlar implementatsiyasi uchun ba’zi imkoniyatlarga ega bo‘lish maqsadida tomonlar o‘z poytaxtlariga maslahatlashuvlarga jo‘nab ketishadi. Tomonlar yaqin kelajakda muzokaralarning ikkinchi raundini o‘tkazish va unda ushbu mavzularni aniq va kengroq ko‘rib chiqish imkoniyatlarini muhokama qildilar», — dedi u.

Sal keyin u o‘zining Twitter’ida, «muzokaralar og‘ir bo‘lgani» haqida yozdi. «To‘g‘ri, hech qanday majburiy ultimatumlarsiz kechdi. Rossiya tomoni, afsuski, hali ham o‘zi tomonidan boshlangan buzg‘unchilik jarayoniga noxolislik bilan qaramoqda», deya ta’kidladi u.

Rossiya prezidenti yordamchisi Vladimir Medinskiy keyingi raund yaqin kunlarda o‘tkazilishi haqida xabar qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, keyingi muzokaralar Polsha-Belarus chegarasida o‘tkazilishi mumkin.

Medinskiy muzokaralar tafsilotlariga to‘xtalib o‘tilmadi, u shunchaki tomonlar kun tartibini to‘liq ko‘rib chiqqani va ayrim nuqtalarni topishgani, «ular bo‘yicha umumiy yondashuvlarni prognoz qilish mumkinligi»ni aytish bilan cheklandi, xolos.

Rossiya delegatsiyasi a’zosi Leonid Slutskiy esa «muzokaralarning asosiy natijasi, ushbu muzokaralar bo‘lib o‘tganida va tomonlar bir-birini eshita olganida», deya ta’kidladi.

«Eng yaqin kunlarda allaqanday progressga erishilishi mumkin… Ukraina delegatsiyasi ushbu masalaning mohiyatini batafsil va punktma-punkt muhokama qilishda tinglashga va qatnashishga tayyor edi. Bu juda va juda muhim. Davomi qanday bo‘lishini, yaqin kunlar ko‘rsatadi», — deya iqtibos keltirgan Slutskiy so‘zlaridan «Belta» .