Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Yevropa ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun arizani imzoladi.

«Bugun Yevropa ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun arizani imzoladim. Buning haqiqat ekaniga ishonchim komil», — deb yozdi u o‘zining Telegram-kanalida.

Hujjatning surati Oliy Radaning Telegram-kanalida e’lon qilindi. Ariza Yevropa Kengashi, Yevroparlament rahbarlari hamda Yevropa Ittifoqiga raislik qilayotgan Fransiya prezidenti Emmanuel Makron nomiga yo‘llangan.

Bir kun avval, 27 fevral kuni Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayen YeI davlatlari Ukrainani Yevropa oilasida ko‘rishni istayotganlarini aytgandi.

«Vaqt o‘tib, Ukraina YeIga qo‘shilishi kerak, bu mamlakat bizdan biri va biz uni Yevropa oilasida ko‘rishni xohlaymiz», — dedi fon der Lyayen.

26 fevral kuni Ukraina rahbari YeI prezidenti Sharl Mishel bilan muzokaralar chog‘ida mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi masalasini ko‘tardi. «Uzoq muddatli munozarani bir martada va butunlayiga yopish hamda Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zoligi to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun hal qiluvchi vaqt keldi», — dedi u suhbatdan so‘ng.

RBK ma’lumotlariga ko‘ra, 2014 yilda Ukraina va YeI o‘rtasida Assotsiatsiya to‘g‘risidagi bitim imzolangan. Ushbu hujjatning imzolanishi Yevromaydonning vujudga kelish sabablaridan biri bo‘lib, mojaro prezident Viktor Yanukovichning ag‘darilishi bilan yakunlangan edi. 2019 yilda amaldagi prezident Pyotr Poroshenko mamlakatning 2024 yilda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirish rejalarini e’lon qildi.