Rossiyaning Ukrainaga qarshi amalga oshirayotgan «maxsus harbiy operatsiyalari» ortidan mamlakatga iqtisodiy sanksiyalardan tashqari xalqaro sport tadbirlari bo‘yicha ham turli cheklovlar o‘rnatilmoqda.

Dastavval, UEFA Chempionlar Ligasi finalini Sankt-Peterburgda o‘tkazmaslikka qaror qildi. Turnirning final o‘yini 28 may kuni «Gazprom Arena»da bo‘lib o‘tishi kerak edi. Biroq, 25 fevral kuni o‘tgan UEFA Ijroiya qo‘mitasining navbatdan tashqari yig‘ilishida Ukrainadagi vaziyat tufayli Chempionlar ligasi finalini Parijga ko‘chirdi.

Shuningdek, UEFA musobaqalarida ishtirok etuvchi Rossiya va Ukraina klublari hamda terma jamoa keyingi qaror qabul qilingunga qadar uy uchrashuvlarini neytral stadionlarda o‘tkazishi shart etib belgilandi.

FIFA Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishida kuch ishlatganini yana bir bor qoralab, zudlik bilan tinchlikni qayta tiklashga va konstruktiv muloqotni boshlashga chaqirdi.

FIFA UEFA bilan kelishgan holda FIFA Kengashi Byurosi — FIFA Prezidenti va olti Konfederatsiya prezidentlari ishtirokida — Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi (XOQ) tavsiyalariga muvofiq, Rossiyaga nisbatan turli choralarni ko‘rishga bir ovozdan qaror qildi:

  • Rossiya hududida hech qanday xalqaro musobaqa o‘tkazilmaydi, «uy» o‘yinlari neytral hududda va tomoshabinlarsiz o‘tkaziladi.
  • Rossiya vakili bo‘lgan a’zo assotsiatsiya har qanday musobaqada «Rossiya» emas, «Rossiya Futbol Ittifoqi (RFI)» nomi ostida ishtirok etadi.
  • Rossiya futbol ittifoqi jamoalari ishtirok etadigan o‘yinlarda Rossiya bayrog‘i yoki madhiyasidan foydalanilmaydi.

FIFA XOQ, UEFA va boshqa sport tashkilotlari bilan vaziyat tezda yaxshilanmasa, yaqin kelajakda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan har qanday qo‘shimcha choralar yoki sanksiyalar, jumladan, musobaqalardan chetlashtirish uchun muloqotni davom ettirishini ma’lum qildi.

FIFA 2022 yilgi Jahon chempionatiga saralash o‘yinlari bo‘yicha Polsha, Chexiya va Shvetsiya futbol assotsiatsiyasining ijtimoiy tarmoqlar orqali bildirilgan pozitsiyalarini yaxshi e’tiborga olgani va hozirdanoq barcha davlatlar bilan muloqotga kirishgani hamda maqbul yechimlarni birgalikda topish uchun yaqin aloqada qolishini ma’lum qildi.

Qolaversa, Xalqaro dzyudo federatsiyasi Ukrainada davom etayotgan urush mojarosi munosabati bilan Vladimir Putin federatsiyaning «faxriy prezidenti va elchisi» maqomidan mahrum qilinganini e’lon qildi.

Shuningdek, «Formula-1», FIA va jamoalar hozirgi vaziyatda Rossiya Gran-prisini o‘tkazish mumkin emas degan qarorga keldi va 25 sentabr kuni Sochida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan musobaqani bekor qildi. «Formula-1» Ukrainadagi voqealar rivojini qayg‘u va hayrat bilan kuzatayotgani va hozirgi vaziyat tezroq hamda tinch yo‘l bilan hal etilishiga umid bildirgan.

25 fevral kuni Xalqaro chang‘i federatsiyasi ham Ukrainadagi mavjud vaziyat tufayli 2021/22 yilgi mavsumda Rossiyada bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan jahon chempionatining barcha bosqichlarini bekor qildi. Bu cheklovlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • Ski Cross World Cup — 25−27 fevral, Chelyabinsk;
  • Aerials World Cup — 26−27 fevral, Yaroslavl;
  • Aerials World Cup — 5 mart, Moskva;
  • Ayollar o‘rtasidagi Ski Jumping World Cup — 18−20 mart, Nijniy Tagil;
  • Ayollar o‘rtasidagi Ski Jumping World Cup — 25−27 mart, Chaykovskiy;
  • Cross Country World Cup — 18−20 mart, Tyumen.

Bundan tashqari, 2022 yilgi Xalqaro shaxmat olimpiadasi ham Rossiyada o‘tmaydigan bo‘ldi. Xalqaro shaxmat federatsiyasining 25 fevraldagi qaroriga ko‘ra, Rossiya va Ukraina bilan bog‘liq hozirgi ziddiyatlar tufayli 44-shaxmat Olimpiadasini Rossiyadan boshqa joyga ko‘chirish belgilandi. Ikki hafta davomida 190 ga yaqin mamlakat jamoalari kurash olib boradigan ushbu chempionat 26 iyuldan 8 avgustgacha Moskvada bo‘lib o‘tishi kerak edi.