Xarkov shahri Rossiya qo‘shinlarining «Grad» zalp bilan o‘t ochish tizimlari orqali ommaviy o‘qqa tutildi, deb xabar qildi Ukraina ichki ishlar vaziri Anton Geraenko.

«O‘nlab insonlar qurbon bo‘lgan, yuzlab insonlar jabrlangan. Tez tibbiy yordam mashinalari fojia joyiga yo‘l olgan», — deb yozgan Geraenko va shaharga berilgan zarbalar oqibatlari aks etgan bir nechta video e’lon qilgan.

Bundan tashqari, TSN kanali havola berayotgan «Suspіlne Xarkіv» Telegram-kanali ma’lumotlariga ko‘ra, Klochkovskiy ko‘chasidagi ko‘p qavatli uyning yuqori qavatlariga snaryad kelib tushgan. Binoning 10−11 qavatlariga shikast yetgan.

Aholidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, raketa kelib tushgach, joylarda avtomat o‘q ovozlari eshitilgan.

Anton Geraenko yarim soat o‘tib ham, Xarkovdagi aholi yashaydigan hududlarning o‘qqa tutilishi to‘xtamaganini ma’lum qilgan.