Rossiya prezidenti Vladimir Putin mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov bilan uchrashuvda tiyib turuvchi kuchlarni shay holatga keltirishga buyruq berdi, deya xabar berdi RIA Novosti nashri.

«Ko‘ryapsizmi, G‘arb davlatlari mamlakatimizga nisbatan nodo‘stona harakatlarni faqat iqtisodiy sohada amalga oshirayotgani yo‘q, men hammaga ma’lum bo‘lgan noqonuniy sanksiyalarni nazarda tutyapman. Lekin NATOning yetakchi davlatlarining yuqori mansabdor shaxslari ham mamlakatimizga qarshi agressiv bayonotlar bermoqda. Shuning uchun men mudofaa vaziri va Bosh shtab boshlig‘iga Rossiya armiyasining tiyib turivchi kuchlarini harbiy navbatchilikning maxsus rejimiga o‘tkazishni buyuraman», — dedi Putin.

Mudofaa vazirligi veb-saytidagi ma’lumotnomaga ko‘ra, strategik tiyib turuvchi kuchlar «Rossiya Qurolli Kuchlari jangovar kuchining asosi bo‘lib, Rossiya va uning ittifoqchilariga qarshi tajovuzni to‘xtatish, shuningdek, tajovuzkorlikni yengish uchun turli xil qurollardan, shu jumladan yadroviy quroldan foydalanish uchun mo‘ljallangan.

«Harbiy navbatchilikning maxsus rejimi» — nima ekanligi haqida ma’lumot mavjud emas.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa va AQSh Rossiyaga nisbatan yangi «qattiq moliyaviy sanksiyalar» qo‘llashga kelishib olgani haqiida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, Rossiyaning sanksiya ostidagi banklari SWIFT tizimidan uzib qo‘yiladi.