O‘zbekistonlik olimlar koronavirusga qarshi vaksina yaratish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazmoqda. Bosh vaziri Abdulla Aripov bu haqda chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan Respublika maxsus komissiyasining yig‘ilishida ma’lum qildi, deb xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

U mahalliy vaksinalar yaratish bo‘yicha prezident topshiriq berganini aytib, hozirda olimlar samarali ish olib borayotganini ta’kidladi.

«Bizni olimlarimiz to‘rtta vaksina ustida ishlayapti. Dunyodagi hech qaysi vaksinadan nusxa olinmagan, alohida o‘zining strukturasi belgilangan vaksina turlari [ishlab chiqilyapti]. Shuning uchun men olimlarimizga ham bu masalada muvaffaqiyat tilayman», — dedi Abdulla Aripov.

Hukumat rahbarining qayd etishicha, hozirda vaksinalarni sinovdan o‘tkazish ma’lum bir bosqichlarga yetib kelgan.

Bosh vazir shuningdek, O‘zbekistonda sut bilan vaksina qilish haqidagi yangiliklarga odamlar masxaraomuz munosabat bildirayotgani va bu xato ekanligini aytdi.

Avvalroq, bioRxiv jurnalida o‘zbekistonlik olimlar sigir va echkilarni ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi bilan emlash orqali kovidga qarshi neytrallashtiruvchi antikorlari bo‘lgan sut ishlab chiqqani haqida maqola chop etilgandi.

«Kulmanglar bu bor narsa. Bir xil odamlar umuman ukol ololmaydi, fobiyasi bo‘ladi. Shuning uchun ham sut orqali vaksinani berish, har xil poliz mahsulotlari, xattoki, hamirturushga vaksinani molekulyar darajada joylashtirish omillari bo‘yicha tadqiqotlar olib borilayapti», — deya ta’kidladi Aripov.

U sut orqali emlash tabiiy holatligi, «sigir suti vaksinalarga (foydali mikroelementlar nazarda tutilmoqda — tahr.) boy bo‘lgan mahsulot» hisoblanishini qo‘shimcha qildi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur yig‘ilishda shuningdek, 1 martdan boshlab O‘zbekistonda ochiq havoda va jamoat joylarida niqob taqish talabi bekor qilinishi aytildi. Shu bilan birga, jamoat transporti, savdo markazlari, bozorlar, masjidlar, kinoteatrlar va boshqa binolarda niqob taqish tavsiya etildi.

Bundan tashqari, umumiy ovqatlanish korxonalari va ko‘ngilochar obyektlarning ish vaqti bo‘yicha cheklovlar hamda umumiy ovqatlanish korxonalari va jamoat transporti sig‘imining 50 foizigacha bo‘lgan joylarni qisqartirish talablari bekor qilindi.

Ish beruvchilar xodimlarni koronavirusga qarshi, shu jumladan kuchaytiruvchi buster dozani kamida 90% darajasida emlashni ta’minlashi shart.