Ukrainadagi vaziyat keskinlashgani va favqulodda holat joriy etilganini inobatga olib, O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi o‘zbekistonliklarni evakuatsiya qilish rejasini ishlab chiqayotganligini ma’lum qildi.

«Hozirda O‘zbekiston Respublikasining Kiyevdagi elchixonasi tomonidan evakuatsiya rejasi va Ukraina hududini tark etishni xohlovchi fuqarolar ro‘yxati ishlab chiqilmoqda», — deyiladi xabarda.

Elchixona xabariga ko‘ra, Ukraina havo hududining yopilishini inobatga olgan holda jo‘nab ketish yo‘nalishlari va jo‘nab ketish joyi ishlab chiqilmoqda.

Maqbul evakuatsiya yo‘nalishlari bo‘yicha masalalar uchinchi davlatlarning manfaatdor xizmatlari bilan kelishiladi. Bu haqda O‘zbekiston fuqarolari elchixonaning www.uzbekistan.org.ua sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi kanallarida qo‘shimcha ravishda xabardor qilinadi.

Ukrainadan chiqib ketishni xohlovchi O‘zbekistonning barcha fuqarolari pasport ma’lumotlarini elchixonaning embassy@uzbekistan.org.ua elektron manziliga yuborishlari mumkin.

«Ukrainada bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolaridan xotirjamlikni saqlashlarini va qo‘shimcha savollar tug‘ilganda elchixona bilan aloqada bo‘lishlarini so‘raymiz», — deyiladi elchixona murojaatida.