BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish 23 fevral, chorshanba kuni BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Rossiya prezidenti Vladimir Putinga murojaat qilib, «Rossiya qo‘shinlarini Ukraina chegaralaridan olib chiqib ketish» va tinchlik o‘rnatish imkoniyatini berish iltimosi bilan murojaat qilgan. Bosh kotib murojaati tashkilotning YouTube-kanalida to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiya qilindi.

«Men bir narsani chin yurakdan aytmoqchiman: prezident Putin, o‘z harbiylaringizni Ukrainaga hujumdan to‘xtating, tinchlikka imkon bering. Shundoq ham ko‘plab insonlar halok bo‘lishdi», — degan bosh kotib.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 24 fevral kuni ertalab millatga telemurojaatida Donbass hududida «maxsus harbiy operatsiya» boshlanganini e’lon qildi.

Putinning murojaati tugashi bilanoq, Kiyev, Xarkov, Mariupol, Odessa va Ukrainaning boshqa shaharlarida portlashlar boshlandi, deya xabar berdi UNIAN axborot agentligi. Donbassdagi separatistlar tomonidan ham otishmalar boshlandi.

Oldinroq o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari Vladimir Putinga Ukraina qurolli kuchlarining agressiyasiga javob qaytarishda yordam berish uchun murojaat qilgan edi. 21 fevral kuni Rossiya prezidenti DNR va LNR mustaqilligini tan oldi.

24 fevral kuni kechasi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy rossiyaliklarga murojaat bilan chiqdi. U RF prezidenti bilan muloqot qilish bo‘yicha tashabbus bilan chiqqanini, lekin javob olmaganini ma’lum qildi. «Sizlarga bu olov Ukraina xalqiga ozodlik olib keladi deyishyapti. Lekin ukrain xalqi ozod. O‘tmish uning yodida va kelajagini o‘zi qurmoqda. Quryapti, sizlarga televizorda har kuni aytishayotgandek, barbod qilayotgani yo‘q».

Shuningdek, Zelenskiy «Sizlarning yangiliklaringizdagi Ukraina va real hayotdagi Ukraina — bu ikkita mutlaq boshqa-boshqa davlatlar» ekanligini ta’kidlab, Ukrainaning asosiy maqsadi o‘z fuqarolarining tinchligini ta’minlash va ularni himoya qilish ekanligini qayd etdi.