Ukraina atrofidagi vaziyatning keskinlashuvi munosabati bilan 24 fevral kuni Moskva vaqti bilan 03:45 dan boshlab Rossiya janubidagi bir qator aeroportlarga parvozlar vaqtincha cheklanadi, deya xabar qildi «Rosaviatsiya».

Quyidagi aeroportlar ish faoliyatini to‘xtatgan: Rostov (Platov), Krasnodar (Pashkovskiy), Anapa (Vityazevo), Gelendjik, Elista, Stavropol, Belgorod, Bryansk, Orel, Kursk, Voronej, Simferopol.

Bundan tashqari, RF poytaxti Moskvadagi Sheremetevo aeproportidan mamlakat janubiga 10 dan ortiq reyslar ham bekor qilindi. TASS xabariga ko‘ra, Sochi aeroportida beshta reys kechiktirildi, aeroport samolyotlarni qabul qiladi va chiqaradi, parvozlarning vaqtinchalik to‘xtatilishi bunga ta’sir qilmagan.

Avvadroq OAVda «Rosaviatsiya» RFning Ukraina bilan chegaradosh hududlari havo kengliklarini fuqaro aviatsiyasi parvozlari uchun yopgani haqidagi xabarlar paydo bo‘lgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Uzbekistan Airways 24 fevral kuni Namangan — Krasnodar yo‘nalishi bo‘yicha HY-9825 reysi Rossiyaning Rostov viloyati havo maydoni yo‘lovchi samolyotlari uchun yopilgani sababli ortga majburiy qaytayotganini ma’lum qildi.

24 fevral kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donbassda «maxsus harbiy operatsiya» boshlanganini e’lon qildi, biroq Ukrainaning Kiyev, Xarkov va boshqa shaharlarida ham portlashlar boshlandi. Shunday qilib, Rossiya rasman Ukraina hududiga bostirib kirdi.