DXX Surxondaryo, Qashqadaryo, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoiy holatlarni aniqlangan. Bu haqda DXXning matbuot xizmati xabar berdi.

Surhondaryoning Uzun tumanida yashovchi 1991 y.t. fuqaro davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tib, Tojikiston Respublikasidan 5 kg 593 gr «opiy» giyohvandlik moddasini O‘zbekistonga olib o‘tganida qo‘lga olingan.

Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilgan. Uning sherigi ekanligi aytilayotgan 1986 y.t. fuqaro hamda giyohvandlik vositalarining buyurtmachilari deb gumonlanayotgan 1985 va 1990 y.t. aka-ukalar ham ushlangan.

Qashqadaryo viloyatida ham huddi shunday holat kuzatildi. Termiz shahrida yashovchi 1969 yilda y.t. fuqaro va uning 1990 va 1992 yillarda tug‘ilgan o‘g‘illari o‘ziga tegishli Cobalt avtomobilida Toshkent shahriga ketayotganiga Chiroqchi tumanidagi Umakay yo‘l patrul postida to‘xtatilgan. Mashinaning motor qismidagi kuzov ostidan 1 kg «gashish» giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi. Holat protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Umakay YPX maskanida qayd etilgan yana bir holatda Termiz — Toshkent yo‘nalishida ketayotgan Cobalt mashinasi ichidagi 1959 yilda tug‘ilgan denovlik yo‘lovchi yonida 350 g gashish va 65 g opiy moddalari borligi aniqlangan.

Ma’lum qilinishicha, u ilgari ham 2 marta aynan giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyat sodir etgan. Giyohvand moddalar protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan. Mazkur giyohvandlik vositalari 3-shaxslar tomonidan Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilgan va Toshkent shahrida sotilishi kerak bo‘lgan.

Bundan tashqari, Farg‘ona viloyatida 1966 yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyati tufayli sudlangan shaxs 426 g gashishni Qirg‘iziston chegarasidan kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tib, shundan 107 grammni Buvayda tumanida yashovchi avval sudlangan shaxsga sotayotgan vaqtida ushlangan. Tekshiruv vaqtida uning mashinasidan giyohvandlik moddasining qolgan qismi ham topilgan va tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.

So‘nggi holat Namangan viloyatida kuzatildi. Pop tumanida joylashgan Namangan muntazam YPXda Namangandan Toshkent shahriga ketayotgan mashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan.

Mashina ichida 2160 flakonda «Tropikamid» kuchli ta’sir etuvchi dori vositasi borligi ma’lum bo‘lgan va ular olib qo‘yilgan. Dorilar Qirg‘izistondan noqonuniy olib o‘tilgani va Namangan shahrida yashovchi 1985 yilda tug‘ilgan shaxsga tegishli ekanligi aytilmoqda.

Hozirda mazkur holatlar bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.