Ijtimoiy tarmoqlarda Spark rusmli avtomashinasiga o‘tirib, ayolni bosib ketgan video tarqalgan edi. IIV matbuot kotibi Shoxrux G‘iyosovning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, mazkur hodisa Buxoro viloyatida sodir bo‘lgan.

Videolavha Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan o‘rganilgan va ushbu holat joriy yilning 21 fevral kuni soat 13:50 da Buxoro viloyatining Qorako‘l tumani Xo‘jalar mahallasida joylashgan Poykent savdo majmuasi oldida sodir bo‘lgani aniqlangan.

Xabarda keltirilishicha, Sh. ismli ayol boshqaruvida bo‘lgan Spark rusumli avtomashinasi bilan S.K. ismli ayolni urib yuborib, unga tan jarohati yetkazgan.

«Holat tegishli tartibda tuman Ichki ishlar bo‘limi Navbatchilik qismida qayd etilib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda», deyiladi ma’lumotda.

Ta’kidlanishicha, tergovga qadar tekshiruv harakatlari viloyat Ichki ishlar boshqarmasi va tuman prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.