Joriy yilgi Umra mavsumida Madina aeroportida ikki nafar o‘zbekistonlik ziyoratchi Saudiya Arabistoni Chegara xavfsizlik xizmati tomonidan to‘xtatib qolindi. Ularda mamlakatga kirishga taqiq borligi aniqlangan. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, ular 2019 yilda Qirg‘izistonning qalbaki pasporti bilan Umra safariga borib kelgan. Saudiya Arabistonidan chiqish vaqtida Saudiya qonunlarini buzgani uchun mamlakat Chegara xavfsizlik xizmati tomonidan ularga nisbatan mamlakatga kirish uchun 10 yil muddatga taqiq belgilangan. Shu bois ushbu fuqarolar podshohlikka kiritilmagan. Hozirda ularni O‘zbekistonga qaytarish choralari ko‘rilmoqda.

Musulmonlar idorasi fuqarolardan «Umra safarini turli qing‘ir yo‘llar orqali, noqonuniy amalga oshirmaslik hamda har-xil ko‘ngilsizliklarga duchor bo‘lmaslikka» chaqirdi va «turli aldovlarga uchmasdan, hukumat ko‘magida tashkil etilayotgan rasmiy, xavfsiz va ishonchli umra ziyoratini ado etishni» tavsiya etdi.

Ma’lumot uchun, Umra ibodati ikki yillik tanaffusdan so‘ng qayta tiklandi. Hozirgi kunda har kuni ikki marta aviaparvozlar Saudiya Arabistoniga muntazam ravishda amalga oshirilmoqda.