BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Rossiya tomonidan Ukrainaning Donetsk va Lugansk viloyatlari ayrim hududlari mustaqilligini tan olish bo‘yicha qabul qilingan qarorni Ukraina hududiy yaxlitligi va suverenitetini buzish deb atadi. Bu haqda BMT axborot xizmati xabar bermoqda.

Rossiya tomonidan qabul qilinayotgan bir tomonlama choralar BMT Nizomi tamoyillariga zid va BMT Bosh Assambleyasining do‘stona munosabatlar to‘g‘risidagi deklaratsiyasiga muvofiq kelmaydi, dedi BMT rahbari 22 fevral kuni bo‘lib o‘tgan brifingda.

«Bu Xavfsizlik Kengashi tomonidan tasdiqlangan Minsk kelishuvlariga halokatli zarba», — dedi bosh kotib. — BMT Nizomi tamoyillari — bu restorandagi menyu emas. Ularni tanlab qo‘llash mumkinmas. BMTga a’zo davlatlar ularni to‘liq qabul qilgan, shuning uchun ular bu tamoyillarga to‘liq rioya qilishlari kerak".

Antoniu Guterrish tinchlikni qo‘llab-quvvatlash konsepsiyasining buzib ko‘rsatilishi uni tashvishga solayotganini bildirgan. «Men BMTning tinchlikni saqlash bo‘yicha yutuqlaridan faxrlanaman, ko‘plab „Moviy kaskalar“ tinch aholini himoya qilish uchun o‘z jonlarini qurbon qilmoqda», — dedi Antonio Guterrish. — Ammo bir davlatning qo‘shinlari boshqa davlat hududiga uning roziligisiz kirsa, ularni mutlaqo tinchlikparvar deb hisoblash mumkin emas".

Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Antoniu Guterrishning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning xalqaro tan olingan chegaralari doirasidagi suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.

«Mana shu inqirozli pallada men zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga va qonun ustuvorligini tiklashga chaqiraman. Hozir vazminlik va aql-idrok zarur. Zudlik bilan vaziyatni yumshatish kerak», — deb bayonot qildi u. — Men barcha tomonlarni bunday xavfli vaziyatni halokat yoqasiga olib borishi mumkin harakatlar va bayonotlardan tiyilishga chaqiraman. Ukrainaga Rossiya qo‘shinlarining qo‘shimcha kiritilishi ziddiyatni faqat oshiradi. Biz tinchlik uchun, Ukraina hamda boshqa mamlakatlar xalqini urush balosidan qutqarish yo‘lida birlashishimiz va bu muammoni birgalikda hal qilmog‘imiz kerak. Men bu inqiroz bundan buyog‘iga qon to‘kilmasdan hal etilishining qat’iy tarafdoriman".

Antonio Guterrish sodir bo‘layotgan voqealarni «so‘nggi yillarda tinchlik va xavfsizlik sohasidagi eng katta global inqiroz» deb atadi. «Biz, men hech qachon shunday bo‘lmaydi, deb umid qilgan, bir vaziyatni boshdan kechiryapmiz, — dedi u. —  Ukraina atrofidagi so‘nggi voqealar rivoji: o‘t ochishni to‘xtatish rejimining ko‘psonli buzilishi holatlari, vaziyat yanada ziddiy tus olishi xavfi haqidagi xabarlardan juda xavotirdaman».