Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donetsk xalq respublikasi va Lugansk xalq respublikasi mustaqilligini tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, deya xabar qildi RIA novosti.

Putin DXR va LXR mustaqilligining Rossiya tomonidan tan olinishi to‘g‘risida 21 fevral kuni Rossiya fuqarolariga qilgan telemurojaati vaqtida ma’lum qildi. Shuningdek, xabarlarga ko‘ra, ayni paytda Kremlda bo‘lib turgan DXR va LXR rahbarlari bilan birgalikda do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam shartnomalari imzolangan.

Shuningdek, Putin o‘z murojaatida, Ukrainaning NATO`ga kirishi masalasiga to‘xtalib, uning alyansga kirishining kechiktirilishi Rossiya uchun hech narsani o‘zgartirmasligi, NATO`ning sharqqa tomon kengayishi Rossiya xavfsizligiga tahdid ekanligi va Rossiya o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun barcha imkoniyatini ishga solishi mumkinligini yana bir bor eslatib o‘tgan. O‘z navbatida, Kiyevda hokimiyat «qo‘lida tutib turganlardan» zudlik bilan «jangovar harakatlarni to‘xtatishni» talab qilgan.

«Kiyevda hokimiyatni egallagan va tutib turganlardan jangovar harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishni talab qilamiz. Aks holda, davom etishi mumkin bo‘lgan qon to‘kilishi uchun barcha javobgarlik butunlay Ukraina hududida hukmronlik qilayotgan rejim vijdoniga havola qilinadi», — deya qayd etgan Rossiya prezidenti o‘z murojaatida.

DXR va LXRni tan olish to‘g‘risidagi farmonlar tez orada huquqiy axborot portalida e’lon qilindi. Ularda Putin Rossiya Mudofaa vazirligiga respublikalar bilan do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam shartnomalarini tuzishdan oldin «Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari tomonidan tinchlikparvarlik funksiyasini amalga oshirishni ta’minlash»ni topshirgan. The Guardian Ukraina rasmiylariga tayanib xabar berishicha, Rossiya qo‘shinlari allaqachon separatistik tuzilmalar hududiga kirgan bo‘lishi mumkin.

RIA Novosti shuningdek, Rossiyaning LXR va DXR bilan tuzgan shartnomalarini e’lon qildi. Shartnomalar ularga bir-birlarining harbiy infratuzilmalari va harbiy bazalaridan foydalanish huquqini beradi va Donbass chegaralarini birgalikda muhofaza qilishni nazarda tutadi. Hujjatlar 10 yil muddatga tuzilgan.

The Bell ta’kidiga ko‘ra, so‘nggi yangiliklar fonida Rossiya bozori 2008 yildan beri eng katta pasayishni boshdan kechirgan: asosiy sessiya natijalariga ko‘ra, Moskva birjasi indeksi 10,5%ga pasaygan. Putin nutqi davomida bir dollar 80 rubldan sotilayotgan edi.

Vladimir Putinning murojaatidan bir kun oldin RFning AQShdagi elchisi Anatoliy Antonov Amerikaning CBS telekanaliga bergan intervyusida Rossiya o‘zga hududlarga da’vo qilmasligi va Donbassni Ukrainaning bir qismi deb bilishini aytgan edi.

Dunyo hamjamiyatining munosabati

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Putinning bayonotidan so‘ng AQSh prezidenti Jo Bayden, Fransiya rahbari Emmanuel Makron va Germaniya kansleri Olaf Shols bilan telefon orqali muzokaralar o‘tkazdi hamda Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining shoshilinch yig‘ilishini chaqirdi. Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi 24/7 ish rejimiga o‘tkazildi. U shuningdek, sal kechroq Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson bilan muloqot qilishi rejalashtirilganini va millatga murojaat bilan chiqishi haqida xabar qildi.

Putinning DXR va LXRni tan olish haqidagi bayonotidan so‘ng Ukraina Bosh prokurori Irina Venediktova jinoiy ish ochilishini e’lon qildi. Jinoiy ish Ukraina Jinoyat kodeksining amaldorlarning mamlakat chegaralarini o‘zgartirishga chaqiruvlarini taqiqlovchi moddasiga muvofiq ochilgan. «Ukraina prokurorlari bu ish bilan „to‘liq shug‘ullanishadi“. Ushbu yopiq klub a’zolariga chet elga shoping uchun chiqish qiyinlashadi — va’da beramiz», — deb qo‘shimcha qilgan Venediktova.

AQSh Rossiya tomonidan «shunga o‘xshash qadam qo‘yilishini» kutganini va «zudlik bilan munosabat bildirishga tayyorligini» ma’lum qildi. Oq uy bayonotida AQSh prezidenti Jo Bayden amerika fuqarolariga DXR va LXRga investitsiya kiritish, ularni moliyalashtirish va ular bilan savdo qilishni taqiqlovchi farmonni imzolashini ma’lum qildi. Oq uy shuningdek, yaqin orada «Rossiya tomonidan xalqaro majburiyatlarning o‘ta qo‘pol ravishda buzilishi» bilan bog‘liq qo‘shimcha choralarni e’lon qilishga va’da berdi.

«Aniqlik uchun: bu alohida choralar bo‘ladi va AQSh ittifoqchilar va sheriklar bilan muvofiq holda Rossiya Ukraina hududiga bostirib kiradigan taqdirda unga javoban tayyorlagan jiddiy iqtisodiy cheklovlarni to‘ldiradi», — deyiladi bayonotda.

Buyuk Britaniya TIV «xalqaro huquqni buzgani va Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligiga tajovuz qilganiga javoban» ertaga Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar e’lon qilishini ma’lum qildi. TIV rahbari Liz Trass Buyuk Britaniya o‘z xatti-harakatlarini ittifoqdoshlar bilan muvofiqlashtirishini va Rossiya tomonidan xalqaro huquqning buzilishi «jazosiz qolishiga» yo‘l qo‘ymasligini bildirdi.

Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen va Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel qo‘shma bayonot e’lon qilib, unda Rossiya prezidentining Ukrainaning nazoratda bo‘lmagan Donetsk va Lugansk viloyatlarini mustaqil deb e’lon qilishi qarorini qoralashdi. «Bu qadam xalqaro huquqning, qolaversa, Minsk bitimining o‘ta qo‘pol tarzda buzilishidir. Ittifoq ushbu noqonuniy aktga aloqadorlarga qarshi sanksiyalar bilan munosabat bildiradi», — deyiladi bayonotda.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Rossiyani qoralab chiqish qildi, u jumladan RF o‘zi ishtirokchi bo‘lgan Minsk kelishuvlarini buzganini ma’lum qildi. «Moskva Ukraina sharqida mojaroni avj oldirishda, separatistlarga moliyaviy va harbiy ko‘mak ko‘rsatishda davom etmoqda. U shuningdek, Ukrainaga navbatdagi bor bostirib kirish uchun bahona yaratishga urinmoqda», — deb ta’kidladi Stoltenberg.

«NATO Ukrainaning xalqaro tan olingan chegaralari doirasidagi suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlaydi. Ittifoqchilar Rossiyani diplomatiya yo‘lidan borishga va Ukraina va uning atrofidagi yirik harbiy yig‘ilishdan zudlik bilan voz kechishga hamda xalqaro majburiyatlari va majburiyatlariga muvofiq o‘z qo‘shinlarini Ukrainadan olib chiqib ketishga qat’iy tarzda chaqirmoqda», — deyiladi bayonotda.

Fransiya prezidenti Emmanuyel Makron ham Rossiya tomonidan Ukraina sharqidagi o‘zini-o‘zi respublika deb e’lon qilgan respublikalar mustaqil deb tan olinganini qoraladi. «Rossiya Ukraina sharqidagi separatistik hududlarni tan olish orqali o‘z majburiyatlarini buzmoqda va Ukraina suverenitetiga putur yetkazmoqda», — deb bayonot qildi Makron. — Men bu qarorni qoralayman. Men BMT Xavfsizlik Kengashini shoshilinch yig‘ilish o‘tkazishga chaqirdim va Yevropa sanksiyalari kiritilishiga da’vat qildim". Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrell, Ukraina TIV rahbari Dmitriy Kuleba va AQShning BMTdagi vakili Linda Tomas-Grinfild ham BMT Xavfsizlik kengashini shoshilinch ravishda chaqirish da’vati bilan chiqish qildilar.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Vladimir Putinning qarorini «Ukraina hududiy yaxlitligi va suverenitetining navbatdagi buzilishi» deb atadi va bu qadam nizoni tinch yo‘l bilan hal qilish va siyosiy yechim topishga qaratilgan barcha diplomatik sa’y-harakatlarga «jiddiy zarba berishini» qo‘shimcha qildi. «Germaniya Ukrainani xalqaro miqyosda tan olingan chegaralari doirasida doimo qo‘llab-quvvatlab keladi. Biz xalqaro huquqning bunday buzilishiga javob qaytaramiz. Biz buni hamkorlarimiz bilan muvofiqlashtirmoqdamiz», — deyiladi Berbok bayonotida.

Estoniya prezidenti Alar Karis «Estoniya Rossiyaning Donetsk va Lugansk viloyatlarini tan olish haqidagi noqonuniy qarorini hech qachon qabul qilmaydi», deya bayonot berdi. «Ular xuddi Qrim kabi Ukrainaning xalqaro tan olingan qismidir. Moskva diplomatiyani jiddiy qabul qilmayotgani, balki urush uchun bahona qidirayotgani aniq», — dedi u.

Latviya Bosh vaziri Arturs Krishyanis Karinsh Rossiya prezidentining DXR va LXR mustaqilligini tan olish to‘g‘risidagi qarorini «Ukraina mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga qarshi 2014-yilda Yevropada Ukraina chegarasining noqonuniy o‘zgarishi bilan boshlangan hujumning davomi» deb atadi. «Uydirma bahona va yolg‘on ma’lumot tarqatish orqali xalqaro qonunlarni qo‘pol ravishda buzgan holda, Rossiya zo‘ravonlik yo‘li bilan Ukrainaning siyosiy rahbariyati va tashqi siyosatini o‘zgartirishga urinmoqda», — dedi u va xalqaro hamjamiyatni qattiq iqtisodiy sanksiyalar qo‘llashga chaqirdi.

Finlyandiya prezidenti Sauli Niinistyo ham Rossiya qarorini qoraladi. «Finlyandiya Rossiyaning Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzuvchi bir tomonlama harakatlarini qoralaydi. Ukraina sharqidagi separatistik hududlarning tan olinishi Minsk kelishuvlarining jiddiy buzilishi hisoblanadi. Finlyandiya Yevropa Ittifoqi tarkibida Rossiya harakatlariga javob qaytaradi», — deyiladi Niinistyo saytidagi xabarda.

Turkiya ham Rossiya qarorini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortdi va bu qarorni «nomaqbul» deb atadi. «Rossiya Federatsiyasining Donetsk va Lugansk deb ataluvchi respublikalarni tan olish to‘g‘risidagi qarori Minsk kelishuvlariga zid bo‘lishidan tashqari, Ukrainaning siyosiy birligi va hududiy yaxlitligini ochiqdan-ochiq buzish hisoblanadi», — deyiladi Anadolu tomonidan iqtibos keltirilgan Turkiya TIV bayonotida. Vazirlik Turkiya Ukrainaning hududiy yaxlitligiga sodiqligini yana bir bor tasdiqlashi va barcha manfaatdor tomonlarni «sog‘lom fikr bilan harakat qilishga va xalqaro qonunlarga rioya qilishga» chaqirib qolgan.