Rossiya DXR va LXR mustaqilligini tan oldi. Jahon hamjamiyatining bunga munosabati:

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donetsk va Lugansk xalq respublikalarining mustaqilligini tan olish to‘g‘risidagi farmonlarni imzoladi va Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlariga o‘z hududlarida «tinchlikni saqlash funksiyalarini amalga oshirish» bo‘yicha ko‘rsatma berdi. U, shuningdek, SSSR parchalanishini tanqid qilib, sobiq ittifoqni tarixiy Rossiya deb atadi.

Federatsiya Kengashi Putinga Rossiya Qurolli Kuchlaridan xorijda foydalanishga rozi bo‘ldi

Federatsiya Kengashi Donbass atrofidagi vaziyat munosabati bilan Rossiya Qurolli Kuchlarini Rossiya Federatsiyasi hududidan tashqarida qo‘llashga rozi bo‘ldi. Bu haqda Inerfaks xabar berdi.

Mazkur qaror qabul qilingan paytdan e’tiboran kuchga kiradi. Rossiya prezidentining o‘zi Rossiya Qurolli Kuchlarining mamlakatdan tashqarida bo‘lish muddatini, ularning umumiy sonini, faoliyat sohalari va vazifalarini belgilaydi. Bunday moddalar Federatsiya Kengashi qarori loyihasida mavjud, dedi palataning konstitutsiyaviy qonunchilik va davlat qurilishi qo‘mitasi rahbari Andrey Klishas.

Rossiya Davlat Dumasi spikeri Donbass bo‘yicha qarorini qo‘llab-quvvatlamagan davlatlarni ogohlantirdi

Rossiya Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin Rossiyaning o‘zini o‘zi e’lon qilgan Donetsk va Lugansk xalq respublikalarini mustaqil davlat sifatida tan olish qarorini hali qo‘llab-quvvatlamagan davlatlarni ogohlantirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, DXR va LXR mustaqilligini allaqachon Kuba, Venesuela va Nikaragua (shuningdek, Janubiy Osetiya, Abxaziya va Suriya) tomonidan tan olingan.

«Umid qilamizki, boshqa davlatlar qarorni qo‘llab-quvvatlaydi va hamma uchun „yaxshi bo‘lishga“ urinmaydi, chunki bunday pozitsiya yomon yakunlanadi», dedi u (video).

Yevropa Ittifoqi DXR va LXR respublikalarini tan olmaslikka chaqirdi

Yevropa Ittifoqi davlatlarni Donetsk va Lugansk xalq respublikalari mustaqilligini tan olmaslikka chaqirdi. Bu haqda Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Josep Borrelga tayanib Kommersant’ xabar berdi. Hujjatda Yevropa Ittifoqi Rossiyaning qonunbuzarliklariga «qo‘shimcha choralar» bilan javob berishga va’da beradi.

«Biz Rossiyani mojaro tarafi sifatida tan olishdan voz kechishga, o‘z majburiyatlarini bajarishga, xalqaro huquqni hurmat qilishga va „Normand formati“ va Uch tomonlama aloqa guruhi doirasidagi muzokaralarga qaytishga chaqiramiz. Biz boshqa davlatlarni Rossiyaning mustaqillikni tan olish haqidagi noqonuniy qaroriga amal qilmaslikka chaqiramiz», — deyiladi bayonotda.

Hujjatda Yevropa Ittifoqi «Rossiyani o‘zini o‘zi e’lon qilgan „respublikalar“ bilan imzolangan yangi shartnomalardan Ukrainaga qarshi keyingi harbiy harakatlar uchun bahona sifatida foydalanishdan ogohlantiradi va zudlik bilan kengroq siyosiy va iqtisodiy sanksiyalarni qo‘llashga tayyor». Bayonotda ta’kidlanganidek, ittifoq Ukrainaga siyosiy va iqtisodiy yordam ko‘rsatishda davom etadi.

DXR va LXRning tan olinishi ortidan Rossiyaga qarshi qo‘llanilayotgan sanksiyalar

London DXR va LXRning tan olinishi tufayli Rossiyaning beshta banki, Rotenberg va Timchenkoga qarshi sanksiyalar kiritdi

22 fevral kuni Buyuk Britaniya birinchi bo‘lib Donetsk va Lugansk xalq respublikalari mustaqilligini tan olgani uchun Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llanilishini e’lon qildi. Cheklovlar quyidagilarga ta’sir qiladi:

  • Tadbirkorlar: Boris Rotenberg, Igor Rotenberg, Gennadiy Timchenko
  • Banklar (ularning aktivlari muzlatilishi kutilmoqda): Rossiya banki, Promsvyazbank, Genbank, Qora dengiz taraqqiyot va tiklanish banki va Sanoat jamg‘arma banki

Yevrokomissiya Donbassdagi operatsiyani moliyalashtirishda ishtirok etgan Rossiya banklariga qarshi YeI sanksiyalarini taklif qildi

Yevrokomissiya YeI Kengashiga Rossiya hukumatining LXR va DXRni tan olish, Donbassdagi harbiy operatsiyalarni moliyalashtirish va LXR bilan savdo qilish to‘g‘risidagi qaroriga aloqador deb topilgan 27 nafar jismoniy va yuridik shaxsga nisbatan sanksiyalarni tasdiqlashni taklif qildi — Kommersant’.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, cheklovlar Rossiya banki, Promsvyazbank va VEB davlat korporatsiyasiga ta’sir qilishi mumkin.

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen va Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishelning qo‘shma bayonotida ta’kidlanganidek, sanksiyalar «Rossiya davlati va hukumatining Yevropa moliya bozoriga kirishini cheklashga qaratilgan». Bu aniq qanday cheklanishi aytilmagan.

Vengriya Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarini joriy etishni qo‘llab-quvvatlamadi

Vengriya Yevropa Ittifoqi mamlakatlari doimiy vakillari qo‘mitasi (Coreper) yig‘ilishida Bryussel DXR va LXRning tan olinishiga javoban joriy qilmoqchi bo‘lgan Rossiyaga qarshi sanksiyalar paketini qo‘llab-quvvatlamadi, deya xabar berdi Interfaks.

«Barcha davlatlar Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni ochiqdan-ochiq qo‘llab-quvvatlamoqda, birgina — Vengriyadan tashqari. Ular muloqot jarayoni muhimligini ta’kidladilar», — deyiladi xabarda.

Seshanba kuni ertalab Fransiyaning YeI Kengashidagi vakolatxonasi Coreper’ning birinchi yig‘ilishi yakunlanganini e’lon qildi, unda Yevroittifoq elchilari Rossiyaning Ukrainaga qarshi harakatlariga aloqador bo‘lgan shaxslarga qarshi maqsadli sanksiyalarni qabul qilishda qat’iyliklarini bildirdi. Qayd etilganidek, seshanba kuni YeI doimiy vakillarining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

Litva Rossiyaning 25 ta telekanalini ko‘rsatishni to‘xtatadi

Litvada Telia TV kompaniyasi Rossiyaning 25 ta kanalini translyatsiya qilish to‘xtatiladi, retranslyatsiya shartnomasi 30 aprelda tugaydi. Xususan, kompaniya «Pervogo Baltiyskogo kanala», REN TV, NTV hamda «Mir» va «Dom Kino» telekanallarini namoyish etishdan bosh tortadi — Kommersant’.

Jo Bayden DXR va LXRga qarshi sanksiyalar qo‘llashga doir farmonni imzoladi

Hujjat bilan AQSh fuqarolariga DXR va LXR iqtisodiyotiga har qanday investitsiyalarni kiritish, AQShga to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita respublikalardan har qanday tovarlar va texnologiyalarni olib kirish, AQShdan ushbu davlatlarga har qanday tovarlarni eksport qilishni taqiqlandi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati xabar berdi.

Farmonga ko‘ra, Moskva tomonidan respublikalarning tan olinishi «Rossiyaning Minsk kelishuvlarida belgilangan majburiyatlariga» to‘g‘ri kelmaydi. Shu bilan birga, Ukraina suvereniteti, barqarorligi va tinchligiga tahdid uyg‘otadi. Shuningdek, bu holat «AQSh milliy xavfsizligi va tashqi siyosatiga noodatiy hamda favqulodda tahdidni ifodalaydi», deyiladi farmonda.