2020 yildan boshlab O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan va import qilinadigan avtotransport vositalariga utilizatsiya yig‘imi joriy etilgan. Shunga qaramasdan, so‘nggi 1,5 yil davomida hukumatning budjet bo‘yicha ochiq ma’lumotlarida ham, Davlat soliq qo‘mitasi va Moliya vazirligining axborotlarida ham utilizatsiya yig‘imi bo‘yicha undirilgan to‘lovlarning miqdorlari ochiqlanmagan.

Iqtisodchi Otabek Bakirov ushbu holat bo‘yicha o‘z munosabatini bildirar ekan, Uzauto Motors kompaniyasi O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar uchun 2020 yil avgust-dekabr oylari uchun qariyb 2,5 trln so‘m, 2021 yil uchun esa kamida 5,3 trln so‘m miqdorida utilizatsiya yig‘imi to‘lashi kerakligini aytdi.

Manba: bakiroo Telegram-kanali

2021 yil prognozlarida ushbu kompaniya to‘lagan soliqlarning jami budjet daromadlaridagi ulushi 1,5% yoki 2,5 trln so‘m atrofida bo‘lgan. Iqtisodchining qayd etishicha, 2021 yil uchun utilizatsiya yig‘imining o‘zi esa kamida 5,3 trln so‘mni tashkil qiladi.

2021 yilda O‘zbekiston 10 davlatga qiymati 281,8 mln dollariga teng bo‘lgan qariyb 29 mingta yengil avtomobillar eksport qilgan. Avtomobil eksportining 93 foizi Qozog‘iston hisobiga to‘g‘ri kelgan.

«Har yili Uzauto Motors eksport qilgan avtomashinalar uchun utilizatsiya yig‘imi davlat budjetidan qoplab beriladi. Ya’ni, aslida qozoqlar, ruslar, ukrainlardan undirilishi lozim bo‘lgan utilizatsiya yig‘imi sizu biz to‘lagan soliqlar hisobidan qoplab beriladi. Bu yil shu maqsadlar uchun 100 milliard so‘m ajratish mo‘ljallangan», — deb yozdi Otabek Bakirov.

Bundan tashqari, 2019 yil 1 oktabrdan boshlab mamlakatda ishlab chiqarilgan yangi avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun 3 foizlik yig‘im avtotransport vositalari ishlab chiqaruvchilari tomonidan to‘lanishi belgilangan.

Hisob palatasi «O‘zavtosanoat» AJ tizimidagi avtotransport vositalari ishlab chiqaruvchilari tomonidan 2020 yil davomida yig‘im to‘lanmasdan kelinayotganini ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, UzAuto Motors tomonidan 2020 yilning yanvar-sentabr oylarida 582,6 mlrd so‘m yig‘im to‘lanmagan. Biroq kompaniya ushbu yig‘imni avtomobillar narxiga qo‘shgan, ya’ni xaridorlar yig‘imni to‘lab kelishgan.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin ayrim transport vositalariga 2022 yil oxiriga qadar utilizatsiya yig‘imining nol stavkasi qo‘llanilishi haqida xabar berilgandi.