2022 yilning yanvar oyida 14 mingdan ortiq yengil avtomobil ishlab chiqarilgan. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar berdi.

Yengil avtomobillar ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 8 811 taga oshgan. Biroq, 2021 yilning yanvarida avtomobil zavodi modernizatsiya qilinishi uchun avtomobil ishlab chiqarish to‘xtatilgan. 2020 yilning yanvar oyi bilan taqqoslaganda esa 57 foizga pasaygan. Bundan ko‘rinadiki, yengil avtomobil chiqarish pandemiyadan oldingi davrdan pastroq ko‘rsatkichni qayd etmoqda.

Yil boshida ishlab chiqarilgan avtomobillar soni rusmlar bo‘yicha quyidagicha ko‘rinishda:

  • Lacetti-Gentra — 4 216 dona (2020 yilda 5078 ta)
  • Damas — 3 652 dona (3989 ta)
  • Cobalt — 3 393 dona (5078 ta)
  • Nexia T-250 — 713 dona (5962 ta)
  • Spark — 323 dona (2320 ta)
  • Maxsus yengil avtomobillar — 1 749 dona (311 ta).

2020 yil ko‘rsatkichlaridan Cobalt ishlab chiqarish 50 foizga, Nexia T-250 ishlab chiqarish 8,3 barobarga, Damas ishlab chiqarish 9,2 foizga, Spark ishlab chiqarish 7,2 barobarga ortda qolmoqda.

Elektromobil

2022 yilning yanvar oyida O‘zbekiston 3 ta xorijiy davlatdan qiymati 3,1 mln dollarga teng bo‘lgan 122 ta elektromobil import qildi. Elektromobil importi 2021 yilning mos davriga nisbatan 70 taga oshgan.

Elektromobillar asosan Xitoydan — 119 ta, Estoniyadan — 2 ta va Germaniyadan — 1 ta olib kelingan.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin «O‘zavtosanoat» va Xitoyning yirik elektromobil ishlab chiqaruvchisi BYD Auto Industry o‘rtasida O‘zbekistonda elektromobil va elektrobuslar ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolangandi. UzAuto rahbari o‘rinbosari Azizbek Shukurov buni «elektromobillar kelajagi sari birinchi qadam» deb atadi.