Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida YPX xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmagan haydovchi 14 sutkaga qamaldi. Bu haqda YHXX axborot xizmati xabar bermoqda.

Xabarda aytilishicha, hodisa 15 fevral kuni ro‘y bergan. YPX xodimi B.Karimov Nexia-3 haydovchisini xavfsizlik kamaridan foydalanmagani uchun to‘xtatgan, biroq haydovchi ishoraga bo‘ysunmay, harakatlanishda davom etgan. Ko‘rilgan choralar natijasida haydovchi to‘xtatilgan.

YPX xodimlari tomonidan haydovchiga qoidabuzarligi bo‘yicha tushuntirishlar berilishiga qaramasdan, u inspektorlarga faol qarshilik ko‘rsatib, atrofdagilarning ham e’tiborini mazkur vaziyatga jalb etgan. Jarayon davomida atrofda bo‘lgan ayrim fuqarolar YPX xodimlarining o‘z xizmat faoliyatini bajarishiga halaqit bergan.

Mazkur holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar 16 fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tuman sudi tomonidan o‘rganib chiqilgan.

Nexia-3 haydovchisi, 1990 yilda tug‘ilgan N.X.ning xatti-harakatlarida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasi 1-qismi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) hamda 195-moddasida (Ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish) ko‘rsatilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjud deb topilib, unga nisbatan 14 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Shuningdek, 1985 yilda tug‘ilgan F.U. hamda 1987 yilda tug‘ilgan A.B.ning xatti-harakatlarida MJTKning 194-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjud deb topilib, ularning har biriga BHMning 3 baravari miqdorida (810 ming so‘m) jarima jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 11 fevral kuni yo‘l harakati xavfsizligi masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida YHX inspektori faoliyatiga faol qarshilik ko‘rsatish, ularni obro‘sizlantirish holatlari ko‘payayotgani masalasiga alohida to‘xtalgan edi.

«Erkinlikning ham me’yori bo‘ladi. Erkinlik degani — qonunni hurmat qilish degani. Qonunlarni ko‘rib chiqishda, bu masalaga ham alohida e’tibor qaratish zarur», — degan edi davlat rahbari.

O‘tgan yilning sentabrida Pskent tumanida mast haydovchi YPX inspektorining to‘xtash talabiga bo‘ysunmasdan, uni urib yuborishi oqibatida 30 yoshli serjant Dilmurod O‘rmonov oradan uch kun o‘tib vafot etgan edi.