Xitoyning yirik elektromobilm ishlab chiqaruvchisi BYD Auto Industry va «O‘zavtosanoat» kompaniyasi o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Bu haqda UzAuto matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

Xabarda aytilishicha, hamkorlik doirasida tomonlar O‘zbekistonda yangi energiya manbalaridan (NEV — gibridlar, elektromobillar va elektrobuslar) foydalangan holda avtomobillar va avtobuslar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganishga kelishib oldi. Loyiha shuningdek, savdo va xizmat ko‘rsatish tarmog‘ini yaratish, jumladan, akkumulyatorlar va elektromobil motorlarini ta’mirlashni ham o‘z ichiga oladi.

BYD yangi energiya vositalarining to‘liq assortimentini ishlab chiqaradi, shuningdek, akkumulyatorlar, yarim o‘tkazgichlar, elektr motorlar va boshqa yuqori texnologiyali mahsulotlarning o‘ziga xos dizayni va ishlab chiqarish usuliga ega.

«Bugun biz Xitoyning eng yirik elektromobil ishlab chiqaruvchisi BYD bilan shartnoma imzolayapmiz. Bu elektromobillar kelajagi sari birinchi qadamdir», — deb yozdi «O‘zavtosanoat» boshqaruvi raisi o‘rinbosari Azizbek Shukurov LinkedIn’dagi sahifasida.

Shavkat Mirziyoyev 14 fevral kungi yig‘ilishda O‘zbekistonda 3 oy muddatda elektromobil tarmog‘ini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi. Shuningdek, davlat rahbari strategiyaga elektromobillar uchun butlovchi qismlar va materiallarni mahalliylashtirish dasturini kiritish, shuningdek, ularga qo‘yiladigan texnik talablar va zamonaviy standartlarni ishlab chiqish vazifasini qo‘ydi.

2020 yil oxirida hukumat «O‘zavtosanoat» kompaniyasini faqatgina elektromobillar ishlab chiqarishga o‘tkazishni rejalashtirgandi. «O‘zavtosanoat» Strategik bo‘lim boshlig‘i Rustam Qodirov 2021 yilning mart oyida O‘zbekistonda 2025 yillarga kelib elektromobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi mumkinligi haqida ma’lum qilgandi.

Ammo 2022 yildayoq Central Asia Motors kompaniyasi Farg‘ona mexanika zavodi hududida elektromobillarni ommaviy ishlab chiqarishni boshlashi mumkin. Loyiha 50 million dollarga baholangan (5 mln dollar tadbirkorning o‘z mablag‘lari, yana 5 mln dollar bank krediti, qolgan 40 mln dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya), zavod yiliga 10 ming dona elektromobil yig‘a oladi.

Fevral oyi boshida Energetika vazirligi davlat elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari tarmog‘ini kengaytirish dasturini tayyorlayotganini ma’lum qilgandi. Spot`ning yozishicha, bungacha elektromobillar infratuzilmasi bilan faqat xususiy kompaniyalar shug‘ullangan.

Iqtisodiy taaqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi O‘zbekistonda elektromobillar va elektrotexnika ishlab chiqarishning prognoz qilinadigan o‘sishini hisobga olgan holda, «O‘zeltexsanoat» uyushmasi va «O‘zavtosanoat» AJ bilan birgalikda Mis klasteri (OKMK) asosida elektromobillar uchun elektr yonilg‘i quyish shoxobchalari ishlab chiqarishni ko‘rib chiqishni taklif qilgandi.

BYD Auto Industry Co., Ltd. (Build Your Dreams) — ko‘p millatli BYD Co Ltd kompaniyasining sho‘’ba korxonasi bo‘lib, u yangi energiya vositalarini (NEV) ishlab chiqaradi, turli mamlakatlarda 8 ta zavodga, R&D markazlariga ega va NEV sotish bo‘yicha dunyoda 2-o‘rinni egallaydi hamda Xitoyda birinchi o‘rinda turadi.

Kompaniyaning ishlab chiqarish quvvati yiliga qariyb 1 million avtomobilni tashkil etadi va yaqin yillarda avtomobil ishlab chiqarish hajmini ikki baravar oshirishni rejalashtirmoqda. Kompaniyaning bozor kapitallashuvi 100 mlrd dollarni tashkil etadi va 220 mingdan ortiq ishchisi mavjud.