Murad Buildings kompaniyasi asoschisi Murod Nazarov Shoira Mirsodiqovaga bergan intervyusida oltin zarrasi qo‘shilgan Ocard suv brendi Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning qiziga tegishli ekanini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, Murod Nazarov ushbu Ocard suv brendi reklama roligida Jeyms Bond rolini ijro etgan. «Ocard uchun reklamaga tushdingiz. Suv o‘zingiznikimi?», — deya savol bergan bloger.

«Yo‘q-yo‘q, suv ustozimiz Jahongir Ortiqxo‘jayevning qizlariniki. Suratga olish ishlari qiziq jarayon bo‘lgan», — deya javob bergan Murod Nazarov. U reklamada bepul ishtirok etganligini ham qo‘shimcha qilgan.

Orginfo.uz ma’lumotlariga ko‘ra, Ocard savdo belgisi patenti 2021 yilning 23 mart kuni J-United Group MCHJ tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Manba: Orginfo.uz

KTYADRga muvofiq, J-United Group ta’sischisi esa Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev hisoblanadi, kompaniya 2002 yilning 27 avgustida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Bu kompaniyaning faoliyat turi sifatida istirohat va tematik bog‘lar ko‘rsatilgan.



Manba: Davlat statistika qo‘mitasi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning yanvar oyida «Gazeta.uz» Jahongir Ortiqxo‘jayev bir qator kompaniyalarda yagona ta’sischi ekanligi haqida yozgan edi. Unga ko‘ra, Dream Production (100%, ayrim toifalarga kiritilmagan boshqa mashina, uskuna va moddiy boyliklarni ijara va lizingga berish), Vedanta Production (100%, noturar-joy binolarni ijaraga berish va boshqarish), Ekzotella (100%, noturar-joy binolarni ijaraga berish va boshqarish),Sky Wind Systems (100%, maishiy elektronika qurilmalarini ishlab chiqarish), Techno Profil (100%, noturar-joy binolarni ijaraga berish va boshqarish) va «O‘zgazloyiha» (34,47%) kompaniyalarida ulushga egaligi bayon qilingandi. Biroq, 2021 yilning may oyi oxirlariga kelib, u yuqoridagi ro‘yxatdan faqat Ekzotella i Techno Profil kompaniyalarida o‘z ulushini saqlab qolgan.