Ukraina atrofida sodir bo‘layotgan eng so‘nggi yangiliklar

Ukraina atrofidagi vaziyat keskinlashgan bir paytda o‘z fuqarolariga ushbu mamlakatni tark etishni maslahat bergan davlatlar soni ortib bormoqda. Bugun ertalabdan boshlab ular soni kamida 12 taga oshdi.

Quyidagi davlatlar Ukrainani tark etishni o‘z fuqarolariga tavsiya qildi: Avstraliya, Bagama orollari, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Gretsiya, Isroil, Iordaniya, Iroq, Ispaniya, Italiya, Kanada, Kipr, Latviya, Litva, Lyuksemburg, Marokash, Niderlandiya, Yangi Zelandiya, Norvegiya, BAA, Falastin, Saudiya Arabistoni, Shimoliy Makedoniya, AQSh, Finlyandiya, Chexiya, Estoniya, Yaponiya, Janubiy Koreya — Kommersant’.

Shunga qaramasdan, Avstriya diplomatlari Kiyevdagi faoliyatini davom ettiradi. Avstriya, shuningdek, Ukrainadagi YeXHT Maxsus monitoring missiyasi tarkibida o‘z kuzatuvchilarini qoldiradi. Bu haqda dushanba kuni TASS xabar berdi.

YeXHTning yakshanba kuni xabar berishicha, YeXHTga a’zo ba’zi davlatlar bir necha kun ichida Ukrainadagi missiyadan o‘z kuzatuvchilarini olib chiqishga qaror qilishgan, biroq missiya 10 ta shaharda joylashtirilgan kuzatuvchilar bilan o‘z mandatini bajarishda davom etadi. Avvalroq ayrim davlatlar ham o‘z elchixonalari xodimlarini Kiyevdan olib chiqishga qaror qilgan edi.

Kanada Ukrainadagi elchixonasini Lvovdagi vaqtinchalik ofisiga ko‘chirdi. Kiyevdagi elchixona «Rossiya qo‘shinlarining Ukraina bilan chegarada joylashgani» sababli ishni to‘xtatdi.

Chexiya Tashqi ishlar vazirligi Ukrainadan uchib ketishni rejalashtirgan fuqarolarni tezlik bilan buni amalga oshirishga chaqirdi. Agentlik mamlakatdan parvozlar cheklanishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Chexiya Ukrainadagi o‘z elchixonasi xodimlarining barcha oila a’zolarini Kiyevdan evakuatsiya qilayotganini bildirdi. U fuqarolarni Ukraina va Belorussiyani tark etishga va bu mamlakatlarga sayohat qilishdan tiyilishga chaqirdi.

Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi Ukrainadagi diplomatlarning sonini kamaytirmoqda. Elchixonaning kam sonli xodimlari mamlakatda qoladi, deb yozadi RIA Novosti. Yaponiyaning Ukrainadagi elchixonasi bundan keyin cheklangan formatda ishlaydi. Tashqi ishlar vazirligi yana fuqarolarni mamlakatni tark etishga chaqirdi.

So‘nggi paytlarda G‘arb mamlakatlarida, shuningdek, Kiyevda Rossiyaning Ukraina hududiga bostirib kirishi mumkinligi haqida bayonotlar paydo bo‘ldi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunday ma’lumotni asossiz va keskinlikning kuchaytirishga harakat deb atadi. Peskov Rossiya hech kimga tahdid solmasligini ta’kidladi. Shu bilan birga, u bu kabi bayonotlarni oqlash uchun provokatsiyalar bo‘lishi mumkinligini inkor etmadi va Ukraina janubi-sharqidagi inqirozni kuch bilan hal qilishga urinishlar eng og‘ir oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirdi.

Bayden Putinni Ukrainaga bostirib kirish oqibatlari haqida ogohlantirdi

AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar chog‘ida Vashington Ukraina atrofidagi vaziyatning turlicha o‘zgarishlarga tayyor ekanini ochiq aytdi. Baydenning qayd etishicha, AQSh hali ham inqirozni diplomatik yo‘l bilan hal qilishni istisno etmaydi. Shu bilan birga, AQSh prezidenti Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, jiddiy va tez oqibatlarga duch kelishini qayd etdi. Ikki davlat rahbarlarining suhbati 12 fevral kuni tunda bo‘lib o‘tdi va bir soatga yaqin davom etdi —Kommersant’.

Jo Bayden Vladimir Putin bilan Ukraina chegaralarida Rossiyaning harbiy ishtirokini kuchaytirish haqida gaplashdi. AQSh prezidenti Ukrainaga bostirib kirilsa, Vashington va uning ittifoqchilari qat’iy va tezkor javob qaytarishini, bu esa Rossiya uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishini ta’kidladi.

«Prezident Bayden Rossiyaning Ukrainaga navbatdagi bostirib kirishi ko‘p sonli odamlarning azoblanishiga va Rossiya pozitsiyasining zaiflashishiga olib kelishini yana bir bor ta’kidladi. Prezident Bayden Putinga Qo‘shma Shtatlar ittifoqchilari va hamkorlari bilan to‘liq muvofiqlashgan holda diplomatik sa’y-harakatlarga tayyor bo‘lsada, AQSh boshqa ssenariylarga ham birdek tayyor ekanligini aytdi», — deyiladi Oq Uy xabarida. Rossiya tomoni muzokaralar haqida hozircha izoh bermadi.

G7 davlatlari Rossiya iqtisodiyotiga qarshi sanksiyalar joriy etishga tayyorligini ma’lum qildi

«G7» (Katta yettilik) davlatlari Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi, Rossiya iqtisodiyoti uchun «keng ko‘lamli va tezkor oqibatlarga» olib keladigan sanksiyalar joriy etishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

«Biz Rossiya iqtisodiyoti uchun keng ko‘lamli va bevosita oqibatlarga olib keladigan iqtisodiy va moliyaviy sanksiyalarni birgalikda qo‘llashga tayyormiz. Rossiyaning Ukrainaga qarshi har qanday keyingi harbiy tajovuziga tezkor va muvofiqlashtirilgan kuchli javob beriladi», — dedi Germaniya, Italiya, Kanada, AQSh, Fransiya va Yaponiyani o‘z ichiga olgan iqtisodiy rivojlangan yetti davlatning norasmiy birlashmasi moliya bo‘limlari rahbarlari.

Avvalroq, «G7″ davlatlari yetakchilari 24 fevral kuni Ukraina atrofidagi vaziyatni virtual formatda muhokama qilish niyatida ekani ham ma’lum bo‘lgan edi. Bloomberg manbalariga tayanib xabar berishicha, uchrashuv Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi chegaradagi vaziyat va Rossiya Federatsiyasiga tegishli „qo‘shinlar to‘planishi“ masalalariga bag‘ishlanadi. Yig‘ilishda „Agar Rossiya Ukrainaga bostirib kirishga qaror qilsa, sanksiyalar joriy etilishi mumkinligi“ masalasi ko‘tariladi», — deyiladi TASS xabarida.


Rossiya davlat Dumasi Donbass va Lugansk respublikalarini tan olish masalasini ko‘rib chiqadi

Rossiya davlat Dumasi Kengashi palata yalpi majlisiga o‘zini o‘zi mustaqil deya e’lon qilgan Donbass (DNR) va Lugansk (LNR) respublikalari mustaqilligini tan olish bo‘yicha prezidentga murojaat qilish masalasi bo‘yicha ikkita qaror loyihasini tayyorlashni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi Interfaks.

«Kengash 15 fevral kuni Dumaning yalpi majlisiga prezidentga DNR va LNRni tan olish so‘rovi bilan murojaat qilish bo‘yicha ikkita rezolyutsiya loyihasini kiritishi kutilmoqda», — deyiladi xabarda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi rezolyutsiya loyihasi davlat Dumasiga avvalroq Kommunistik partiya fraksiyasi deputatlari tomonidan taqdim etilgan.

«Yagona Rossiya» fraksiyasining bir necha deputatlari tomonidan taklif etilgan ikkinchi rezolyutsiya loyihasida birinchi navbatda Tashqi ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi va boshqa mas’ul idoralarga respublikalar mustaqilligini tan olish so‘rovi bilan prezidentga murojaat qilish tashabbusini yuborish ko‘zda tutilgan.

«Ushbu ikki hujjat seshanba kuni Dumaning yalpi majlisida ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi», — deyiladi nashr xabarida.


Yamanda BMTning besh xodimi o‘g‘irlab ketildi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Yamanda besh nafar xodimi o‘g‘irlab ketilgani haqida xabar berdi. Jinoyat ortida Al-Qoida jangarilari turgani taxmin qilinmoqda. O‘g‘irlab ketilganlar orasida to‘rt yamanlik va bir xorijlik bor. Bu haqda Kommersant’ xabar berdi.

Ushbu voqea Abyan provinsiyasida sodir bo‘lgan. BMT xodimlari noma’lum tomonga olib ketilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, xodimlarni o‘g‘irlaganlar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Ular tovon puli va ayrim jangarilarni ozod qilishni talab qilmoqda.

BMT Bosh kotibi matbuot kotibi Stefan Dyujarrikning aytishicha, tashkilot xodimlarining o‘g‘irlanganidan xabardor. Biroq tashkilot ma’lumotlarga «aniq sabablarga ko‘ra» izoh bermayapti.


Shtaynmayer ikkinchi muddatga Germaniya prezidenti etib saylandi

Germaniya Federal assambleyasi amaldagi prezident Frank-Valter Shtaynmayerni ikkinchi muddatga qayta sayladi. Uning nomzodini Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi, Xristian-Demokratik va Xristian ijtimoiy ittifoqlari, Erkin demokratik partiya va Yashillar partiyasi qo‘llab-quvvatladi. Germaniya prezidenti besh yillik muddatga saylanadi. Bu haqda Kommersant’ xabar berdi.

Yig‘ilishda 1472 nafar qonun chiqaruvchi ishtirok etdi, Shtaynmayer 1045 ta ovoz to‘pladi. Frank-Valter Shtaynmayer 2017 yilning 19 martidan beri Germaniya prezidenti lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. Bungacha u Germaniya Tashqi ishlar vazirligini boshqargan, shuningdek, Germaniya vitse-kansleri ham bo‘lgan.