Ayni vaqtda o‘tkazilayotgan videoselektorda prezident Shavkat Mirziyoyev yo‘llarda qatnovni tashkil etish va xavfsizlikni ta’minlash ilm bilan hamohang bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Bu haqda uning matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Yig‘ilishda Yunusobodning Yunus-ota ko‘chasida 2020 yilda 4 ta avtohalokat sodir bo‘lgan bo‘lsa, 1 dona svetofor o‘rnatish orqali 2021 yilda birorta avariya bo‘lmagani, Kichik halqa yo‘lining Lak-bo‘yoq korxonasi qarshisida qarama-qarshi yo‘lni ajratuvchi to‘siq o‘rnatish orqali avariyalarga barham berilgani misol qilib keltirildi.

«Mana sizga ilmiy yondashuv va oddiy tahlil bilan yechim», — dedi davlat rahbari.

Qolaversa, poytaxt va yirik shaharlardagi markaziy ko‘chalarda tezlik cheklovlarini ilmiy asoslanib belgilash lozimligi qayd etildi. Jumladan, maktab va bog‘chalar oldida tezlik 30 kilometrdan oshmasligi shart. Ayrim gavjum ko‘chalarda esa hozirgi 70 kilometr soatdan 60 kilometrgacha tushirish zarurati borligi ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida Toshkentda avtomobil harakati tezligi 60 km/soatgacha pasaytirilishi kutilayotganini ma’lum qildi. Qolaversa, prezident Toshkentga tramvay qaytarilishini ham aytgandi. Davlat rahbari tramvay bo‘yicha fuqarolardan ko‘plab xatlar va murojaatlar kelayotganligini ta’kidlagan.