Amerikaning Project CURE xayriya tashkiloti Qoraqalpog‘istondagi shifoxonalarga qiymati 3 mln dollarlik tibbiyot uskunalaridan iborat navbatdagi insonparvarlik yordamini yo‘lladi, deb xabar berdi «Dunyo» AA.

Xabarda aytilishicha, yuk ortilgan konteyner Qoraqalpog‘istonga AQSh-Italiya-Gretsiya-Gruziya-O‘zbekiston yo‘nalishida dengiz va yer usti yo‘llari orqali yetkaziladi. Beg‘araz ko‘mak 2022 yilning aprel oyi oxirida so‘nggi manzilga yetib kelishi rejalashtirilgan.

Qoraqalpog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligining arizasiga ko‘ra shakllantirilgan gumanitar yuklarning umumiy hajmi qariyb 7 tonnani tashkil etadi.

Orolbo‘yiga yetkaziladigan gumanitar yordam ultratovush apparatlari va uskunalari, rentgen skanerlari, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun intensiv terapiya inkubatorlari, shuningdek, defibrilatorlar, laboratoriya asboblari, kislorod ballonlari, bemorlarni tashish uchun aravachalar, narkoz va nafas olish apparatlari, operatsiya stollari uchun matraslar va boshqa shu kabi zarur tibbiy buyumlardan iborat.

Project CURE — 1987 yilda tashkil etilgan nodavlat tashkiloti bo‘lib, rivojlanayotgan mamlakatlarga zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar tanqisligini bartaraf etishda yordam beradi. Tashkilot faoliyati dunyoning 135 davlatini qamrab olgan va yiliga 200 ta konteyner jo‘natadi, ularning har birida o‘rtacha 300 ming dollarlik tibbiy buyumlar bo‘lishi mumkin.

Project C.U.R.E. tomonidan Orolbo‘yi mintaqasiga gumanitar yuklarning birinchi partiyasi 2021 yilning may oyida yuborilgan. O‘shanda insonparvarlik yordami qiymati 3 mln dollar bo‘lib, tibbiyot buyumlari va jihozlari, sun’iy shamollatish moslamalarini o‘z ichiga olgan 40 futlik o‘nta konteynerni tashkil qilgan.