Rossiya qishloq xo‘jaligi ishlariga O‘zbekistondan 1100dan ortiq migrantlarni jalb etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda RF hukumat qarorida ko‘zda tutilgan.

Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin tomonidan imzolangan hujjat bilan O‘zbekiston fuqarolarini vaqtinchalik mehnat faoliyati uchun Rossiyaga olib kelish bo‘yicha pilot loyihaga o‘zgarishlar kiritilmoqda. Endilikda O‘zbekiston fuqarolari qurilish sohasidan tashqari qishloq xo‘jaligi tarmoqlaridagi ishlarga ham jalb etiladi.

Hukumat qaroriga muvofiq, loyiha doirasida agrosanoat majmuasidagi ishlarga eng ko‘pi bilan 1108 kishi jalb etiladi.

Xuddi avvalgidek, nomzodlar Rossiya Federatsiyasiga yo‘l olishdan avval COVID-19ga testi topshirib, tibbiy ko‘rikdan o‘tadi va ishga joylashishga patent oladi.

Rossiyaga kelishlari bilan ular quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari kerak bo‘ladi:

  • PZR usulida olingan, muddati 48 soatdan o‘tmagan test (ilgari — 72 soat edi);
  • «Sputnik Layt» vaksinasi bilan emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikat yoki Rossiyada tan olingan boshqa vaksinalar bilan emlanganligini tasdiqlovchi sertifikat;
  • agar migrant besh oygacha bo‘lgan muddatda koronavirusni boshdan o‘tkazgan bo‘lsa, antitanachalarga test topshiradi va shu asosda ma’lumotnomani taqdim etishi kerak bo‘ladi.

O‘zbekiston fuqarolarini tashkillashtirilgan tartibda Rossiyaga qurilish sohasiga ishga jalb qilish bo‘yicha pilot loyiha 2021 yilning oktabrida tasdiqlangan edi.

Qabul qilingan qarorda 10 ming nafar migrantlarni RFga ishga jalb qilish ko‘zda tutilgandi.

Ilgariroq, Rossiyada ishlash huquqini beruvchi patent uchun tibbiy ko‘rik Toshkentda o‘tkazilishi haqida xabar bergan edik. Xabarda Rossiya hududida ishlash huquqini beruvchi patent olishda talab etiladigan tibbiy ko‘rik Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Toshkentda o‘rnatilgan tibbiy asbob-uskunalar yordamida O‘zbekistonda amalga oshirilishi haqida aytilgan edi.