Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi maktablardan birida o‘qituvchilar maktabdagi ta’lim sifati va bitiruvchilarning oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish darajasi pastligi uchun ota-onalardan uzr so‘radi. Kun.uz ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu tashabbus tuman Xalq ta’limi bo‘limi mudiri va hokim yordamchisiga (ushbu lavozim yil boshida paydo bo‘ldi) tegishli.

Nashrga kelib tushgan murojaatda qayd etilishicha, 72-ixtisoslashtirilgan maktabi o‘qituvchilari sahnaga ota-onalar qarshisiga chiqib, ulardan kechirim so‘rashga majbur qilingan.

«Maktabimizda 4 fevral kuni tuman hokimligi vakillari bilan birgalikda ota-onalar yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda o‘quvchilarning ta’lim olishidagi bo‘shliqlar, oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlari tanqid ostiga olinib, ustozlar ota-onalar oldida turg‘azib qo‘yildi», — deydi shaxsini oshkor etmaslikni so‘ragan guvohlardan biri.

Xabar qilinishiga ko‘ra, direktor boshchilik o‘qituvchilar hokimlik vakillari topshirig‘iga binoan «biz aybdormiz», deb ota-onalardan kechirim so‘rashgan.

Yig‘ilishda o‘qituvchilar tarkibi tanqid qilinayotgan vaqtda ayrim ota-onalar so‘zga chiqib, aksincha, ustozlardan kechirim so‘ragan: «Sizlarning o‘rningizda biz bo‘lishimiz kerak». Biroq ota-onalarning chiqishidan keyin ham mas’ullarning harakatlarida o‘zgarish bo‘lmagan, ular tadbir tusi va ritorikasini o‘zgartirishga harakat qilishmagan, po‘pisa qilishda davom etishgan.

Pedagoglardan birining aytishicha, ustozlarning mehnatlari inobatga olinmagan, ularni ruhan sindirishgan. Yosh ustozlar ochiq-oshkora «o‘qituvchilik kasbini tanlaganimdan ming afsudaman», deyishgan.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, «uzr so‘rash» marosimi o‘qituvchilar va ota-onalar tomonidan keskin tanqidga uchragach, boshqa maktablarda o‘tkazilgan yig‘ilishlarda direktorlar o‘z xodimlarini sahnaga chiqarishmagan. Shu bilan birga shu kabi yig‘ilishlar Marhamat tumanidagi 9-, 27-, 43-maktablarda ham o‘tkazilgan.

Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov yuz bergan holatni nafaqat o‘qituvchilarning sha’nini yerga urish balki davlat siyosatiga qarshi amalga oshirilayotgan harakat deb baholashini ma’lum qildi.

«O‘qituvchi qadrlanmagan yurt hech qachon taraqqiy etmaydi. Shu bois bugun davlatimiz rahbari o‘qituvchilarni ulug‘lash va jamiyatda eng obro‘li inson qilish masalasini davlat siyosatining eng yuqori darajasiga olib chiqdilar», — dedi u.

XTV rahbari bu harakat qanday maqsadda amalga oshirilgani unga qorong‘u ekani, lekin aybdorlar albatta javob berishi kerakligini ta’kidladi.

«Shu o‘rinda men o‘qituvchilardan o‘z qadr-qimmatlarini yergaurishga yo‘l qo‘ymasliklarini so‘rab qolaman. Sizning bu darajada boshingizni yerga qaratishga hech kimning haqqi yo‘q!»

Hozirda XTVning huquqiy-nazorat xizmati tomonidan ishchi guruh tashkil etilib, holatni o‘rganmoqda, deya ta’kidladi vazir.

Jamoatchilik munosabati

Iqtisodchi Otabek Bakirov vaziyatga izoh berar ekan, «ta’lim uchinchi sinf kallasi bilan qolgan savodsiz hokimlar va ularning yugurdak shotirlari qo‘liga topshirilsa shunaqa bo‘ladi», dedi.

«Odam bolasi bunday qilmaydi, chunki odam bolasini o‘qituvchi o‘qitadi va o‘qituvchi qanchalar muqaddas ekanini odam bolasi juda yaxshi biladi. Yuz bergan voqealar jinoyat. Shunga yarasha chora ko‘rilishi kerak. Balki xaspo‘shlab yuborishar. Birinchi marta emas», — deb yozdi u.

Davletovuz blogi muallifining fikricha, barcha o‘rganishlar faqat va faqat markazdan bo‘lishi kerak va barcha savollar viloyatni o‘z bekligiga aylantirib olib, doimo suvdan quruq chiqadigan viloyat rahbariyatiga qo‘yilishi kerak.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonovning ta’kidlashicha, Andijonda o‘qituvchilar ota-onalar oldida bosh egib, uzr so‘rashga majburlangani uchun viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning shaxsan o‘zi barcha ustozlardan uzr so‘rashi kerak.

Hokimliklarning munosabati

Holat yuzasidan munosabat bildirgan Marhamat tumani hokimligi «tadbir ijtimoiy tarmoqlarda boshqacha holatda talqin qilinayotgani»ni bildirdi. «Maktab direktori va o‘qituvchilar, ota-onalar ishtirokida o‘tkazilgan murojaat kimningdir ruhiyatini sindirish maqsadida emas, o‘qituvchilar hamda ota-onalar o‘rtasida hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan», — deyiladi bayonotda.

Shuningdek, holat yuzasidan viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov ham o‘z munosabatini bildirdi. Viloyat hokimi holatni o‘z nazoratiga olgani, o‘zi boshchiligida alohida ishchi guruhi tuzilganini ma’lum qildi.

«Aytib o‘tish joizki, ushbu xatoga yo‘l qo‘ygan har qanday rahbarlarga qonunda belgilangan jazo choralarini ko‘rilishini ta’minlayman. Andijonda hech bir ustoz va murabbiylarimiz bunday holatga tushishlariga yo‘l qo‘ymayman, zero sizning oldingizda sharafli mehnatingizni qadrlagan holda ta’zimdamiz», — deya ta’kidladi u.

Avvalroq Andijon shahar Xalq ta’limi bo‘lishida 57 mlrd so‘mlik moliyaviy qonunbuzarliklar, kamchilik va talon-torojliklar aniqlangani haqida xabar qilgan edik. Prokuratura tergov olib bormoqda.