Dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 400 mlndan oshdi

Johns Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, pandemiya boshlanganidan beri dunyo bo‘ylab 400 mlndan ortiq odam koronavirus bilan kasallangan.

Pandemiya boshidan beri 5,7 milliondan ortiq odam halok bo‘ldi.

Eng ko‘p holatlar AQSh (77 mlndan ortiq), Fransiya (21,2 mln), Hindiston (42,3 mln), Italiya (11,7 mln) va Braziliyada (26,8 mln) qayd etilgan. Kasallnish holatlari soni bo‘yicha Rossiya ro‘yxatda to‘qqizinchi o‘rinni egalladi (12,9 mln).


Fransiya, Germaniya va Polsha Rossiyani Ukraina chegarasidagi keskinlikni pasaytirishga chaqirdi

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya kansleri Olaf Shols va Polsha prezidenti Anjey Duda Berlinda uchrashib, Ukraina atrofidagi vaziyatni muhokama qildi. Muzokaralar yakunida ular Rossiyani Ukraina chegarasidagi keskinlikni kamaytirishga va Yevropada xavfsizlik bo‘yicha mazmunli muloqot boshlashga chaqirgan qo‘shma bayonotni e’lon qildi. Bu haqda TASS nashri xabar berdi.

Uch mamlakat yetakchilari «Rossiyani Ukraina chegarasidagi vaziyatni yumshatishga va Yevropa qit’asidagi xavfsizlik masalalari bo‘yicha mazmunli muloqotni boshlashga yordam berishga chaqirmoqda». Shu bilan birga, Shols, Makron va Duda «o‘zaro manfaatli xavfsizlik masalalari bo‘yicha mazmunli va natijaga yo‘naltirilgan muzokaralarda konstruktiv ishtirok etishga tayyorligini» ma’lum qildi. Ularning ta’kidlashicha, go‘yoki «Rossiyaning Ukrainaga qarshi har qanday yangi harbiy tajovuzi jiddiy oqibatlarga olib keladi va yuqori narxga ega bo‘ladi».


Suriyaning AQSh nazorati ostidagi hududlarida 18 kishi teraktlar oqibatida halok bo‘ldi

So‘nggi bir necha kun ichida Suriyaning AQSh nazoratidagi shimoliy mintaqasida 10 ta terakt va sabotaj amalga oshirildi, buning natijasida 20 ga yaqin kishi halok bo‘ldi, o‘nlab odamlar yaralandi. Bu haqda Suriyadagi urishayotgan tomonlarni yarashtirish bo‘yicha Rossiya markazi kontr-admirali Oleg Juravlevga tayanib Interfaks ma’lum qildi.

«Faqat so‘nggi uch kunning o‘zida mintaqada 10 ta terrorchilik harakati va qo‘poruvchilik sodir etildi, buning natijasida 18 kishi halok bo‘ldi, 25 kishi jarohat oldi», — dedi Juravlev seshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda.

«Shu bilan birga, Qo‘shma Shtatlar va Buyuk Britaniya terroristik guruhlar a’zolariga nisbatan amnistiya deb atalmish dasturni amalga oshirishda davom etmoqda. Radikal oqimlarning yuzlab izdoshlari qamoqdan ozod qilindi va AQSh safiga olindi», deya ta’kidladi Juravlev. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday harakatlar terrorchilik tahdidining kuchayishiga sabab bo‘lmoqda.


Yevropada ko‘plab davlatlar koronavirus cheklovlarini bekor qilmoqda

Bir qator Yevropa davlatlari allaqachon koronavirusga qarshi kurashga qaratilgan cheklovchi choralarni bekor qilishgan, boshqalari esa yaqin kelajakda ularni yumshatish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, deya xabar berdi Interfaks.

Shunday qilib, 9 fevral kuni Shvetsiya rasmiylari vaksina pasportlari, odamlarning jamoat joylarida to‘planishi, bar va kafelar faoliyatiga cheklovlari bekor qilingani e’lon qildi.

Ispaniyada ushbu haftada ko‘chada majburiy niqob taqib yurish bekor qilindi. Chexiyada restoranlar va boshqa muassasalarga tashrif buyurishda emlanganlik yoki COVID-19 testi sertifikatlarni talab qilmaydi.

Fevral oyi boshida Daniyada COVID-19 koronavirusiga qarshi barcha cheklovlar bekor qilindi, shu tariqa mamlakat Yevropa Ittifoqida birinchi bo‘lib ilgari mavjud bo‘lgan barcha choralar bekor qildi.

Fransiya hukumati matbuot kotibi Gabriyel Attal mart oyi oxirida mamlakatda vaksina pasportlarini bekor qilish mumkinligini ta’kidladi. «Kasalxonalardagi vaziyat yaxshilana boshladi. Prognozlar borki, mart oyining oxiri — aprel oyining boshigacha kasalxonalardagi vaziyat yetarlicha yaxshilanadi va biz vaksina pasportlarini bekor qilishimiz mumkin», — dedi u.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson, shuningdek, Angliyada qolgan koronavirus cheklovlarini, shu jumladan, virus uchun ijobiy test natijasidan keyin o‘zini-o‘zi izolyatsiya qilish choralarini bekor qilish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini aytdi.