8 fevral kuni soat 03:07 da tez yordamga Nukus shahri Gone qala hududida ko‘chaga tashlab ketilgan chaqaloqga shoshilinch yordam ko‘rsatish bo‘yicha chaqiruv kelib tushgan. Bu haqda Gazeta.uz»ga Qoraqalpog‘iston Respublikasi SSV xabar berdi.

Tez yordam xizmatchilari 7 daqiqa ichida voqea joyiga yetib borib, hali kindigi ham kesilmagan chaqaloqqa birinchi yordam ko‘rsatgan. Shundan so‘ng, chaqoloq Hududiy perinatal markaziga yetkazilgan.

Makan.uz nashrining yozishicha, tez yordam feldsheri Ikram Jumaniyazov chaqoloqni sovuqdan himoya qilish maqsadida o‘zining ust kiyimini yechib, uni o‘ragan.

Chaqaloq perinatal markazining reanimatsiya bo‘limiga qabul qilinib, shifokorlarning to‘liq nazoratiga olingan. Gudakning og‘irligi 3 kg 700 gramm bo‘lib, «hozirda uning ahvoli og‘ir, lekin barqaror».

Qoraqalpog‘iston prokurorining jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘yicha katta yordamchisining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, 8 fevral kuni soat 02:00 lar chamasida Taxatko‘pir tumanida hisobda turgan Nukus shahri Bo‘ston ko‘chasida vaqtincha yashovchi A.K. (2002 yilda tug‘ilgan) ug‘il bolani dunyoga keltirib, o‘zi yashaydigan uy yaqinidagi hududga tashlab ketgan. Shundan so‘ng, chaqaloq Respublika perinatal markaziga yotqizilib, hayoti saqlab qolingan.

Ushbu vaziyat bo‘yicha Nukus shahar IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 117-moddasi 1-qismi (farzandini xavf ostida qoldirish) bilan jinoyat ishi ochilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 27 yanvar kuni Urganch shahridagi chiqindixonalardan birida qiz jinsiga mansub chaqaloqning murdasi topilgandi. Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, u ona qornida 5,5−6 oy yashagan hamda «uning o‘limiga yetilmaganlik va hayotga layoqatsizlik sabab bo‘lgan». Qolaversa, chaqaloq qonidan homiladorlikni jarrohlik aralashuvisiz erta tugatishda qo‘llaniladigan dori vositasi qoldiqlari topilgan.