O‘zbekiston va postsovet hududining ayrim boshqa mamlakatlari 15 yildan so‘ng Ittifoq davlati tarkibiga kirishi mumkin. Aleksandr Lukashenko «Solovev Live» kanaliga bergan intervyusida shunday fikr bildirdi.

Lukashenkoga ko‘ra, 1999 yilda Rossiya va Belarus tomonidan shakllantirilgan birlashma tarkibiga sobiq sovet respublikalarining yana bir nechtasi kirishi mumkin.

«Belarus allaqachon qo‘shilgan. Fikrimcha, Qozog‘iston uchun ham yaxshigina saboq bo‘ldi. Agar siz 15 yillik muddat haqida gapirayotgan ekansiz, aminmanki, Ukraina ham shu ittifoq tarkibida bo‘ladi, agar biz xatoliklarga yo‘l qo‘ymasak. Qolganlar esa, perimetr bo‘ylab yoki ushbu kuch jamlanishi jarayonida qayerda bo‘ladi deysiz? Armaniston hech qayerga borolmaydi. Nima, siz ular kimgadir kerak deb o‘ylayapsizmi?» — dedi Lukashenko.

Belarus rahbarining ta’kidlashicha, Ozarbayjonning qo‘shilish masalasi biroz so‘roq ostida. U buning boisini yo‘l qo‘yilayotgan ko‘psonli xatolar hamda Turkiya qo‘llab-quvvatloviga bog‘lagan.

«Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikiston uchun ham, shunga zarurat tug‘iladi, eng avvalo iqtisodiy zarurat tufayli ular uchun qo‘shilishdan boshqa chora qolmaydi», — dedi u.

Belarus rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Ittifoq davlati suveren davlatlar birlashmasi bo‘ladi.

«Bu mustaqil davlatlar birlashmasi bo‘ladi. Yo‘q, mustaqil emas, balki suveren davlatlar. Mustaqil — bu nisbiy tushuncha. Gaz va neftning hammasi Rossiyadan kelib tursa, men qanday qilib mustaqil bo‘lishim mumkin. Albatta, bunda mamlakat [bayrog‘i], madhiyasi, rahbariyati saqlab qolinadi», — degan Lukashenko.

Lukashenkoning fikricha, ushbu birlashma umumiy mudofaa maydoni va ehtimol, yagona pul birligi bo‘lishini nazarda tutadi.

Ittifoq davlati — bu Moskva va Minsk 1999 yilda ishlab chiqa boshlagan Rossiya va Belarus integratsiya loyihasidir. U umumiy parlament, valyuta va qonunchilik yaratilishini ko‘zda tutadi. 20 yildan ortiq muddat davom etgan hamkorlik davomida tomonlar faqatgina soliq va bojxona qonunchiligini sinxronlashtirishga yaqinlashishdi. Moskva shahrida sentabr oyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda prezidentlar Vladimir Putin va Aleksandr Lukashenko tomonidan 28 ta ittifoq dasturi tasdiqlangandi. So‘ngra ushbu dasturlar Ittifoq davlati vazirlar kengashi yig‘ilishida ma’qullandi.

Eslatib o‘tamiz, 10 yanvar kuni ODKB sammitida Aleksandr Lukashenko Qozog‘istonda yuz bergan yanvar inqirozidan «eng avvalo O‘zbekiston xulosa chiqarishi kerakligi», chunki tartibsizliklar tashkilotchilarining «nigohlari aynan shu davlatga qaratilgani» haqida bayonot qilgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bunga javoban Belarus prezidentining bayonotini «assossiz"ligini bildirgan holda, «Biz mintaqadagi vaziyatni, xavfsizlikka bo‘lgan barcha xavf-xatarlarni diqqat bilan kuzatib boryapmiz. Har qanday tahdidga nisbatan munosib javob qaytarish va zarba berish uchun biz yetarli kuch va salohiyatga egamiz», — deya ta’kidlagan edi.