Putin va Makron uchrashuvi yakunlari bo‘yicha eng muhim yangiliklar

Rossiya va Fransiya prezidentlari muzokaralar chog‘ida Ukrainadagi vaziyatni yumshatishga kelishib oldilar, deb xabar berdi Financial Times o‘z manbalariga tayanib. Unga ko‘ra, Putin 10−20 fevral kunlari bo‘lib o‘tadigan Rossiya-Belarus qo‘shma mashg‘ulotlaridan so‘ng Belarusdan 30 minggacha harbiyni olib chiqishga va’da bergan.

Rossiya prezidenti, shuningdek, hech qanday yangi «harbiy tashabbus» bilan chiqmasligini aytgan va Rossiya qo‘shinlarini joylashtirish bo‘yicha «muloqot olib borishga» rozi bo‘lgan.

Vladimir Putin:

  • Rossiya xavfsizlik masalalarida murosa topish uchun hamma narsani qiladi. NATO va AQShga yuborilgan takliflarda amalga oshirib bo‘lmaydigan biron bir nuqta yo‘q. Rossiya NATO va Qo‘shma Shtatlardan xavfsizlikni ta’minlash tashabbusining asosiy nuqtalariga javob kutishda davom etadi.
  • NATOning 2019 yilgi xavfsizlik strategiyasida Rossiya Federatsiyasi raqib deya atalgan. Agar Ukraina NATOga kirsa va Qrimni harbiy yo‘l bilan qaytarishga harakat qilsa, bu G‘arb davlatlari bilan urushga olib keladi, unda g‘oliblar bo‘lmaydi.
  • Rossiya Ukrainaning sobiq prezidenti Pyotr Poroshenkoga gumanitar sabablarga ko‘ra siyosiy boshpana berishga tayyor. [Pyotr Poroshenko bu taklifga allaqachon «Biz buni Ukrainada o‘zimiz hal qilamiz», deya javob bergan.]
  • Rossiya NATOning sharqda yangi a’zolar bilan kengayishiga qat’iyan qarshi. Rossiyaning tajovuzkorligi haqidagi bayonotlar «sog‘lom mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi», chunki «biz NATO tomon emas, balki NATO biz tomon harakat qilmoqda».
  • Kiyev hukumati Minsk kelishuvlarini demontaj qilishga kirishdi. Ammo Minsk kelishuvlariga muqobil yo‘l yo‘q, uni amalga oshirish kerak, boshqa yo‘l yo‘q.

Emmanuyel Makron:

  • Vladimir Putin meni Belarusdagi yadroviy qurol masalasida ishontirdi.
  • Ukraina bilan chegarada 125 ming rus askari jamlangan. Vladimir Zelenskiy bundan xavotirda. Minsk kelishuvlari imzolanganda chegarada bunday harakatlar yo‘q edi — Kommersant’.

Rossiya hali rasman kelishuv tuzilganini tasdiqlamagan. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov Putin va Makron Parij takliflari bo‘yicha «muloqotni davom ettirishga tayyor"ligini aytdi, bu takliflar nima ekanligini ochiqlamadi. «Bu masalalarning barchasi Fransiyaning Yevropa Ittifoqi va NATOdagi ittifoqchilari, birinchi navbatda AQShning roziligini talab qiladi. Boshqa narsa haqida gapirishga hali erta», — deya qo‘shimcha qildi Peskov.


Fransiya Ukrainaga 1,2 mlrd yevro ajratadi

Kiyevda Vladimir Zelenskiy va Emmanuyel Makron o‘rtasidagi muzokaralar yakuniga yetdi. Unga ko‘ra, Fransiya Ukrainaga iqtisodiyotni barqarorlashtirish uchun 1,2 mlrd yevro miqdorida moliyaviy yordam beradi.

Avvalroq, Ukraina G‘arbdan 1,5 mlrd dollar yordam olgani haqida ma’lum qilingandi.

G‘arb davlatlari Ukrainaga Rossiya go‘yoki tayyorlayotgan «bosqin"i fonida unga qo‘shimcha yordam ajratishni boshladi. Kecha, 7 fevral kuni AQSh Davlat departamenti rahbari Entoni Blinken AQSh allaqachon mamlakatga 650 mln dollar ajratganini aytdi.

Makron Ukrainaga Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvdan so‘ng keldi. Ularning muzokaralari olti soat davom etdi. Fransiya prezidenti ukrainalik hamkasbi bilan muzokaralar chog‘ida Minsk kelishuvlarini muhokama qilmoqchi ekanini aytdi. Kiyevdagi matbuot anjumanida u Vladimir Zelenskiy Minsk kelishuvlarini bajarishga tayyorligini tasdiqlaganini aytdi — Kommersant’.


Xitoylik olimlar COVID-19`ni to‘rt daqiqadan kamroq vaqt ichida aniqlash yo‘lini topdi

Nature Biomedical Engineering ilmiy jurnalida chop etilgan maqolaga ko‘ra, Shanxaydagi Fudan universiteti olimlari guruhi COVID-19 ni PZR-testi aniqligida to‘rt daqiqadan kamroq vaqt ichida aniqlay oladigan qurilma yaratdi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

«Biz SARS-CoV-2`ni aniqlash uchun elektromexanik biosensorni joriy qildik va u to‘rt daqiqadan kamroq vaqt ichida virusni aniqlashini ko‘rsatdi», — deb yozadi maqola mualliflari.

Yangi qurilma mikroelektronika bilan birlashganda mexanik, kimyoviy, biologik yoki boshqa sensorli javoblarni elektr signallariga aylantira oladigan mikroskopik mexanik komponentlardan foydalanadi, deydi tadqiqotchilar. Qurilma kompyuter yoki smartfonga ulanishi mumkin.


AQSh Kobul aeroporti terakt tashkilotchilari haqidagi ma’lumotlar uchun 10 mln dollar mukofot elon qildi

AQSh Kobul aeroportidagi teraktga javobgar ISHID tashkiloti yetakchisini qayerdaligini aniqlash imkonini beradigan ma’lumot uchun 10 mln dollar miqdorida mukofot e’lon qildi, deb xabar beradi Reuters.

Mukofot AQSh Davlat departamenti Diplomatik xavfsizlik xizmatining terrorizmga qarshi kurashni rag‘batlantirish dasturi doirasida e’lon qilingan. Xizmat vakillari Kobul aeroportiga hujumni tashkillashtirishga Sanaulloh Gafari ismli erkakni mas’ul deya hisoblayotgani aytildi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Gafari ISHIDning bir bo‘lagi bo‘lgan «Viloyati Xuroson» yetakchisi hisoblanadi. Mazkur tashkilot terrorchilari G‘arb tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Afg‘oniston hukumati va «Tolibon»ga qarshi jang qilgan.

AQSh Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, Gafari 2020 yilning iyunida ekstremistik guruh tomonidan ISHIDga rahbarlik qilish uchun tayinlangan. U Afg‘oniston hududidagi barcha operatsiyalarni tasdiqlashga va operatsiyalar o‘tkazilishini moliyalashtirishga mas’ul bo‘lgan. Noyabr oyida Davlat departamenti Gafarini alohida ahamiyatga ega global terrorchilar ro‘yxatiga kiritgan.


Nigeriyaning shimoliy qismida banditlar 13 kishini o‘ldirdi

Nigeriya shimolida banditlarning hujumi oqibatida kamida 13 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Nigeriya gazetasiga tayanib TASS xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, bir guruh qurollangan shaxslar Katsina shtati janubida, Kaduna shtati bilan chegaradosh Guga, Gidan Kanava va Dukava mahallalariga hujum qilgan. 13 nafar mahalliy aholi banditlar tomonidan o‘ldirildi, ko‘pchilik, shu jumladan qishloqlardan birining boshlig‘i asirga olindi.

Nigeriyada so‘nggi yillarda tinch aholiga to‘da hujumlari soni sezilarli darajada oshdi. Jinoyatchilar odamlarni o‘ldiradi, to‘lov uchun garovga oladi, chorva mollarini o‘g‘irlaydi, aholini qo‘rqitadi, ularga turli talablar qo‘yadi. Hukumat keng tarqalgan jinoyatlarga qarshi kurashish uchun maxsus politsiya bo‘linmalari va armiya bo‘linmalaridan foydalanishga majbur bo‘lmoqda.


Estoniya Latviya bilan hamkorlikda harbiy texnika xarid qiladi

Estoniya mudofaa investitsiyalari Markazi Latviya Mudofaa vazirligi bilan birgalikda 693 mln yevrolik 16 xil turdagi harbiy texnika sotib olmoqchi, bu Estoniya tarixidagi eng yirik mudofaa xaridi bo‘ladi, deya xabar berdi TASS nashri.

«Qo‘shma xaridlar, shubhasiz, muzokaralar uchun ancha yaxshi pozitsiyani ta’minlaydi hamda [uskunalar] birligi uchun yaxshiroq shartlar va narxlarni ta’minlaydi», — deyiladi Estoniya mudofaa investitsiyalari Markazi bayonotida.

Markazning transport bo‘limi boshlig‘i Tomas Kaldaning so‘zlariga ko‘ra, tender doirasida kelgusi o‘n yil ichida ko‘p sonli 16 turdagi texnikalarni yetkazib beradigan sherik topish rejalashtirilgan. Ushbu texnikalar Estoniya mudofaa kuchlari, politsiya va chegara qo‘shinlari, shuningdek, Latviya Mudofaa vazirligiga bo‘ysunadigan muassasalarning ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan.

Xaridning bir qismi sifatida ham yangi, ham ishlatilgan uskunalar sotib olinadi. Xarid ikki bosqichda amalga oshiriladi: birinchi bosqichda yuk ko‘tarish quvvati besh tonnagacha bo‘lgan avtomobillar, keyin esa kengroq jihozlar xarid qilinadi, deyiladi xabarda. Estoniya uchun bu xarid tarixdagi eng yirik xarid bo‘ladi.