Qashqadaryo viloyati Qarshi tumaniga yangi hokim tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xabarda aytilishicha, xalq deputatlari Qarshi tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida deputatlar tomonidan Behzodjon Yusupov tuman hokimi lavozimiga tasdiqlangan.

Behzodjon Yusupov 1980 yilda Yakkabog‘ tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat yuridik instituti, Toshkent davlat yuridik instituti magistraturasi va prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilish akademiyasini tamomlagan.

U shu vaqtga qadar Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.

Qarshi tumanining oldingi hokimi Maqsuda Mustafoyeva oldinroq o‘z arizasiga ko‘ra vazifasidan bo‘shatilgandi.

«Sobiq hokim Maqsuda Mustafoyeva qo‘lidan kelganicha ishladi. Ayol hokim bo‘lgani uchun amaliy yordam va imkoniyatlar berildi. Aravani tortish rahbardan, davlatga fidoyilik bilan ishlash — jamoadan», — degan kengash yig‘ilishida ishtirok etgan viloyat hokimi Murotjon Azimov.

Hokim tumanda muammoli kreditlar qariyb 30 mlrdga yetganini, shuningdek, 36 mlrd so‘mlik 17 ta katta loyihalar amalga oshirilmaganligini qayd etdi.

«2021 yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan arzon uy-joy haligacha topshirilmagan. Ko‘plab ijtimoiy obyektlar qurilishi yoki kapital ta’miri ham oxiriga yetkazilmagan. 160 ta bo‘sh bino va inshoatlardan samarali foydalanilmagan, tadbirkorlardan 2021 yil davomida 628 ta murojaat kelib tushgan», — dedi u.

Murotjon Azimov tumandagi yerlarni zahiraga qaytarish bo‘yicha ham qarorlar qabul qilinmaganligini qayd etdi. «2021 yilning o‘zida yer ajratish bo‘yicha ham qonunga zid qarorlar qabul qilinib, davlatga 6 mlrd so‘m zarar yetkazilgan. Bu kabi ko‘plab kamchiliklar ortidan ish o‘rinlari yaratish muammoligicha qolgan», — deya ta’kidladi viloyat hokimi.