Finlyandiya hukumati «O‘zbekistonning meteorologiya sohasidagi salohiyatini mustahkamlash» loyihasini amalga oshirish uchun O‘zbekistonga 2 mln yevro miqdorida grant ajratilishini ma’qulladi. Bu haqda «Dunyo» xabar bermoqda.

O‘zbekistonning Rigadagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, grant loyihasi 2022−2025 yillarda amalga oshirilishi belgilangan.

Loyiha O‘zbekiston Gidrometeorologiya xizmati markazining (O‘zgidromet) salohiyatini modernizatsiya qilish, xodimlarni ilg‘or ko‘nikmalarga o‘rgatish, shu jumladan, tabiiy ofatlarni prognoz qilish, sohada axborot xizmatlari salmog‘ini oshirish, iqlim o‘zgarishiga moslashishni rag‘batlantirishni nazarda tutadi.

Finlyandiya meteorologiya instituti va O‘zgidromet loyiha ijrochilari etib belgilandi. Grant Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti talablarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda Finlyandiya O‘zbekistonni 2024 yilgacha mo‘ljallangan Markaziy Osiyo uchun yangi strategiyasi doirasidagi mintaqa mamlakatlari taraqqiyotini qo‘llab-quvvatlash siyosati sohasidagi ustuvor sheriklar ro‘yxatiga kiritdi. Finlyandiya uchta asosiy yo‘nalish — qonun ustuvorligi, barqaror iqtisodiy rivojlanish va tabiiy resurslarni boshqarishni takomillashtirish bo‘yicha loyihalarni qo‘llab-quvvatlash niyatida ekani ta’kidlanmoqda.

O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonga rejalashtirilgan umumiy ko‘mak miqdori qariyb 28 mln dollarga teng.