Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan qurilish sohasida yettita davlat tashkilotida 33,69 mlrd so‘mlik davlat xaridlari bo‘yicha qonun buzilish holatlari borligi aniqlandi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Agentlik tomonidan 2022 yilning yanvar oyida davlat buyurtmachilarining davlat xaridlari maxsus axborot portaliga joylashtirilgan davlat xaridlariga oid e’lonlar masofaviy monitoring tartibida o‘rganilgan.

O‘rganish jarayonida, davlat buyurtmachilari tomonidan o‘tkazilgan qurilish sohasidagi davlat xaridlari sun’iy ravishda qismlarga bo‘lingani, ayrim holatlarda bir xil ishtirokchilar takroran g‘olib bo‘lgani, ayrim buyurtmachilar qonun talablariga zid ravishda qurilish sohasidagi davlat xaridlari bo‘yicha e’lonlarni «Shaffof qurilish» axborot markazining tender.mc.uz maxsus platformasiga joylashtirmagani va boshqa qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

«Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning 46-moddasida davlat xaridlarini amalga oshirishning raqobatga asoslangan usullarini chetlab o‘tish maqsadida davlat xaridlari hajmini qismlarga bo‘lib tashlashga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

Shunga qaramasdan, Andijon davlat universiteti 2021 yilda qurilish sohasida qiymati 5 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan 15 ta davlat xaridlari o‘tkazgan va ular sun’iy ravishda qismlarga bo‘lingan. Natijada 2 ta tender shaklida tender.mc.uz maxsus axborot portali orqali elektron shaklda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan xaridlar 10 ta tanlov shaklida o‘tkazilgan. Shuningdek, 2 ta holatda bir xil mazmundagi 5 ta tanlovlar qismlarga bo‘lingan holda o‘tkazilgan.

Agentlik tahlillariga ko‘ra, Andijon davlat universiteti tomonidan o‘tkazilgan 15 ta qurilish sohasidagi tanlovlarda 7 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlar g‘olib bo‘lgan bo‘lib, sun’iy ravishda bo‘lingan xaridlarning deyarli barchasida bir xil ishtirokchilar qatnashgan va bir xil ishtirokchi g‘olib bo‘lgan.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 5 fevraldagi 55-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Qurilish sohasida tanlovlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi vaqtinchalik Nizomning 3-bandida, davlat buyurtmachilarining hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 2500 baravaridan ortiq (675 mln so‘m) bo‘lgan qurilish sohasidagi davlat xaridlari tender.mc.uz maxsus axborot portali orqali elektron shaklda amalga oshirilishi belgilangan.

Biroq, davlat buyurtmachilari tomonidan davlat xaridini amalga oshirish jarayonida yuqorida qayd qilingan qonunchilik talablari tizimli ravishda buzilishiga yo‘l qo‘yilib kelinayotgani aniqlangan.

Xususan

  • «Navoiy savdo kompleks» aksiyadorlik jamiyati tomonidan 5 yanvar kuni jamiyat savdo kompleksini ta’mirlash bo‘yicha qiymati 21,7 mlrd so‘mlik;
  • «Toshkentdonmahsulotlari» AJ buyurtmachiligidagi 18 yanvar kuni jamiyat ma’muriy binosini joriy ta’mirlash yuzasidan qiymati 1,627 mlrd so‘mlik;
  • Samarqand shahar Obodonlashtirish boshqarmasi buyurtmachiligida 2021 yil 27 mart kuni «Samarqand shahar markaziy ko‘cha va xiyobonlariga dizayn asosida daraxt ekish ishlari»ni amalga oshirish bo‘yicha 230 mln so‘mlik;
  • «Paxtasanoat ilmiy markazi» AJ buyurtmachiligidagi 17 yanvar kuni mehmonxona binosidagi 5 ta xonalarni buzib qayta rejalashtirish va dizayn asosida 8 ta lyuks xonalarga aylantirish yuzasidan qiymati 996 mln so‘mlik;
  • «Transgazinjiniring» MCHJ buyurtmachiligida 21 yanvar kuni «qurilish-ta’mirlash ishlari»ni bajarish yuzasidan qiymati 2,456 mlrd so‘mlik;
  • Qishloq xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi «Ma’muriy-xo‘jalik xizmati» DUK buyurtmachiligida 24 yanvar kuni vazirlik ma’muriy binosini joriy ta’mirlash yuzasidan qiymati 1,681 mlrd so‘mlik holatlarda qonunga zid harakatlar qayd etilgan.

Agentlikning bildirishicha, mazkur qonunbuzilish holatlari bo‘yicha buyurtmachilarga davlat xaridlarini bekor qilish masalasini ko‘rib chiqish haqida 7 ta taqdimnoma va Bosh prokuraturaga 3 ta so‘rovnoma kiritilgan.

Avvalroq, hukumat qarori bilan BHMning 6 ming baravaridan (162 mln so‘m) ortiq bo‘lgan qurilish ishlariga pudratchi tashkilotlarni aniqlash elektron tender orqali amalga oshirilishi ma’lum qilingan edi. Qolaversa, BHMning 200 ming baravarigacha (5,4 mlrd so‘m) bo‘lgan loyihalar uchun tanlovlarda esa faqat qurilish amalga oshiriladigan hududda ro‘yxatdan o‘tgan tashkilotlargina qatnasha oladi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning noyabr oyi oxirida bir yarim yilda davlat xaridlari sohasidagi qonunbuzarlik yuzasidan 45 ta ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.