Yaponiya hukumati BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikdagi «O‘zbekistonning Farg‘ona vodiysida meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtiruvchilarining tirikchiligi uchun iqlim o‘zgarishiga bardoshli bo‘lgan mablag‘ manbalarini yaratish» qo‘shma loyihasini amalga oshirish uchun 956 ming 147 AQSh dollari ajratishni ma’qulladi. Bu haqda BMTTD matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Bir yilga mo‘ljallangan loyiha 2022 yilning mart oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan va u O‘zbekiston Gidrometeorologiya xizmati markazi va Farg‘ona vodiysidagi mahalliy hamkorlar bilan amalga oshiriladi.

Loyiha maqsadlariga Farg‘ona vodiysida agrometeorologik stansiyalar tarmog‘i kengaytirilishi, masofaviy qamrov va zamonaviy modellashtirish asosida agrometeomonitoring uchun aqlli operatsion tizimni ishlab chiqilishi, hamda bashoratlashtirish va erta ogohlantirish tizimlar ishonchliligi oshirilishi orqali erishiladi.

Loyiha qishloq xo‘jaligini iqlim o‘zgarishining ta’siri va oqibatlariga moslashuviga, hamda Farg‘ona vodiysida iqlim o‘zgarishiga bardoshli bo‘lgan rivojlanish tufayli havoga tashlanayotgan issiqxona gazlari darajasini nolga yetkazishga hissa qo‘shishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil Glazgodagi sammitda Iqlim bo‘yicha Parij shartnomasi doirasida O‘zbekiston havoga tashlashlarni qisqartirish bo‘yicha rejalarini 300 foizga yetkazdi, 2030 yilga borib issiqxona gazlarini YAIM birligiga solishtirganda tashlanishni 2010 yil darajasiga nisbatan 35 foizga qisqartirishni rejalashtirmoqda (oldinroq 10%ga qisqartirish rejalashtirilgan edi). Moslashuv choralari qishloq hamjamiyatlarini iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirlaridan himoya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli harakatlarni qamrab oladi.

Irrigatsiya maqsadlari uchun suv bilan ta’minlanish bo‘yicha bashoratlash va erta ogohlantirish tizimi qishloq xo‘jaligi ekinlarini asoslab rejalashtirilgan ekishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Shu munosabat bilan, loyiha Farg‘ona vodiysida meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi hamjamiyatlarga agrometeorologik axborot xizmatlarini taqdim etishga qaratiladi. Ularga bashoratlashning takomillashtirilgan kuzatuv ma’lumotlari va iqlimga chidamli bo‘lgan meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha tegishli maslahat xizmatlari taqdim etiladi, hamda ular iqlimni o‘zgaruvchanligi meva va sabzavot ekinlarini yetishtirishni rejalashtirishga ko‘rsatadigan ta’siri haqida bilimlarga ega bo‘ladilar. Shuningdek, loyiha transchegaraviy hududlardagi kuzatuvlar natijasida olingan gidrometeorologik axborotni almashish sohasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash orqali Farg‘ona vodiysida yashovchi qo‘shni davlatlar hamjamiyatlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Xususiy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday choralar koronavirus pandemiyasidan keyingi davrda xususiy meva-sabzavot biznesini tiklanishida iqlim xatarliklaridan muhofaza qilishda eng muhim va zarur hisoblanadi, deyiladi xabarda.

O‘zbekistonda 1951 yildan beri kuzatilayotgan iqlim ilishi jarayonlari jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichlardan ikki karra balandroq bo‘lib chiqdi va keng ko‘lamli iqlim xatarliklari mavjudligini ko‘rsatdi, deya ta’kidlaydi BMTTD.

Ayniqsa murakkab vaziyat Orolbo‘yi hududida va Farg‘ona vodiysining sharqiy qismida yuzaga keldi, bu yerda qurg‘oqchilik, cho‘llanish va ekstremal mavsumiy ob-havo hodisalari iqlim o‘zgarishi bilan yanada murakkablashmoqda va mahalliy aholining asosiy farovonligi va oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solmoqda.

«Hosildorlik va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari unumdorligi pasayishining oldini olish, yordamga eng muhtoj aholi guruhlarini tirikchiligi uchun vositalar va oziq-ovqat bilan ta’minlash uchun qishloq xo‘jaligi sektorida zudlik bilan ilmiy jihatdan asoslangan moslashuv choralarini qo‘llash zarur», — deyiladi xabarda.