Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Loyihaning 23-moddasi 5-qismida olib qo‘yilishi rejalashtirilgan hududdagi yer uchastkasida joylashgan, huquqni belgilovchi hujjatlari mavjud bo‘lmagan turar joyga 15 yil davomida o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxslarga, agar ushbu ko‘chmas mulk obyekti uchun soliqlar to‘lab kelingani tasdiqlansa, ularga mazkur ko‘chmas mulk obyektlarining qiymati kompensatsiya qilib berilishini nazarda tutuvchi norma bilan to‘ldirildi.

Ushbu tartib aholi punkti yerlari toifasiga kirmaydigan yerlarda, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda va muhofaza etiladigan hududlarda joylashgan yer uchastkalariga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Shu bilan birga, Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan ilgari surilgan takliflar ishchi guruh yig‘ilishida o‘rganib chiqilib, bildirilgan takliflar qonun loyihasida o‘z aksini topdi.
Qonun loyihasining qabul qilinishi jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga yer uchastkalarini olib qo‘yish masalalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan yaxlit qonun bilan tartibga solishga, nizoli vaziyatlarni oldini olish va ushbu sohadagi nizolarni samarali hal etishga xizmat kiladi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.