Senat Vazirlar Mahkamasiga gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalari xavfsizligini ta’minlash yuzasidan parlament so‘rovi yuboradi. So‘rovni tayyorlash to‘g‘risidagi masala 1 fevral kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida ko‘rib chiqildi.

2021 yil davomida respublika bo‘yicha gaz ballonlari o‘rnatilgan transport vositalarida 14 ta portlash hamda 2 ta yong‘in chiqish holatlari sodir bo‘lib, ularda 9 nafar fuqaro jarohatlangan va 14 nafar fuqaro halok bo‘lgan.

Shuningdek, yig‘ilishda avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalarida gaz ballonlarini to‘ldirishda belgilangan talab va tartiblarni buzish holatlari ko‘plab uchrayotgani qayd etildi.

Ushbu vositalarni avtomobillarga o‘rnatish va tegishli uskunalarni sinovdan o‘tkazish bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyati ustidan ta’sirchan nazorat o‘rnatilmaganligi, gaz ballonlarining texnik sinovdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida qalbaki dalolatnomalar rasmiylashtirish holatlari mavjudligi aytildi.

Bundan tashqari, senatorlar gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalari xavfsizligini ta’minlashga oid qonun hujjatlari hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinishi lozim bo‘lsada, aksariyat huquqiy hujjatlar rus tilida qabul qilinganligini ta’kidladi.

So‘rov yuborish masalasi Senatning 3 fevralga belgilangan 23-yalpi majlisida ko‘rib chiqiladi.